Italiya Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olish bo‘yicha PURL dasturidagi ishtirokini to‘xtatmoqda.
Bu haqda Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha tinchlik muzokaralari davom etayotgan bir paytda Italiyaning PURLda ishtirok etishi erta.
"Agar kelishuvga erishsak va janglar to‘xtasa, qurol-yarog‘ga ehtiyoj qolmaydi. Xavfsizlik kafolatlari kabi boshqa narsalar ham kerak bo‘ladi", dedi Tayani Bryusselda jurnalistlarga.
PURL - bu ittifoqchilarga Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishni birgalikda moliyalashtirish imkonini beruvchi AQSH-NATO mexanizmi. Tashabbusga allaqachon 20 ga yaqin davlat qo‘shilgan.