Bugun 1 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

Italiya Ispaniyaga qarshi chiqdi: migrasiya inqirozi Madrid va Rim o‘rtasida keskinlikni kuchaytirdi

Italiya Ispaniyaga qarshi chiqdi: migrasiya inqirozi Madrid va Rim o‘rtasida keskinlikni kuchaytirdi

Ispaniya jiddiy migrasiya inqirozi markazida qoldi. Vaziyat mamlakatning Italiya bilan munosabatlarini ham sezilarli darajada murakkablashtirdi.

Shu hafta Afrikaning shimoliy sohilida joylashgan Ispaniyaning Seuta avtonom shahriga Marokash tomonidan minglab migrantlar oqib keldi. 30 iyul kuni ertalab shaharda bir necha kun ichida taxminan 1800 nafar noqonuniy migrant ro‘yxatga olingan. Keyingi kuni ham migrantlar oqimi davom etgan.

Ispaniyaning TVE telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlar soni 2000–3000 nafarga yetgan. Seuta rasmiylaridan birining aytishicha, eng yuqori pallada shaharga har daqiqada 200 ga yaqin odam kirib kelgan. Shunga o‘xshash, ammo nisbatan kichikroq oqim Ispaniyaning Marokash bilan chegaradosh yana bir avtonom shahri Melilyada ham kuzatilgan.

Seuta rasmiylari yordam so‘raganidan so‘ng, Ispaniya hukumati shaharda Qurolli kuchlar Fuqarolik gvardiyasiga yordam berishini ma’lum qildi.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares migrantlar oqimining kuchayishini Oliy sudning qarori bilan bog‘ladi. Sud shu oy boshida Seuta va Melilyaga dengiz orqali kelgan migrantlarni ushlash va ularni zudlik bilan qaytarishni taqiqlagan edi.

Ayni paytda, migrasiya oqimining tashqi siyosat bilan bog‘liq sababi ham bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. O‘tgan hafta Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Marokashning mintaqadagi raqibi Jazoirga tashrif buyurib, Ispaniya–Jazoir munosabatlarida «yangi bosqich» boshlanganini e’lon qilgan.

Madriddagi Zamonaviy arab tadqiqotlari markazi direktori Haysam Amira Fernandesning Financial Times nashriga aytishicha, Marokashdan Seutaga bunday katta miqdordagi odamlarning qisqa vaqt ichida oqib kelishi Marokash rasmiylarining kamida bilvosita roziligisiz amalga oshishi qiyin. Uning fikricha, bu Rabotning Madridga norozilik signalini yetkazishga qaratilgan harakati bo‘lishi mumkin.

Buning tarixiy misoli ham bor. 2021 yilda bir kunda Marokashdan Seutaga taxminan 6000 nafar migrant kirib kelgan. Bu Ispaniya tarixidagi bir kunlik eng katta migrasiya oqimi bo‘lgan. O‘sha vaqtda Marokash G‘arbiy Sahroi Kabiri masalasida Ispaniya bilan diplomatik kelishmovchiliklar fonida chegara nazoratini yumshatgan edi.

Biroq Ispaniya Ichki ishlar vazirligi Marokash hukumati bilan hamkorlik davom etayotganini ta’kidlab, migrantlar oqimi ataylab tashkil etilgani haqidagi taxminlarni rad etdi.

Italiya bilan keskin tortishuv

Migrasiya inqirozi Ispaniya va Italiya o‘rtasida ham jiddiy bahsga sabab bo‘ldi.

Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Ispaniyaning migrasiya siyosati keskin tanqid qildi va hatto Madrid bilan Shengen kelishuvini to‘xtatib turish masalasini ko‘tardi.

Tayani, shuningdek, Ispaniya hukumati yanvar oyida e’lon qilgan 500 minggacha migrantni qonuniylashtirish rejasini ham tanqid qildi.

«Ispaniyaning harakatlari milliy xavfsizlikka tahdid soladi, jiddiy xato hisoblanadi va migrantlarni noqonuniy olib kirishga yordam beradi», — dedi Tayani ijtimoiy tarmoqda.

Uni Italiya bosh vaziri Jorja Meloni qo‘llab-quvvatladi.

«Seutadan olingan tasvirlar hayratlanarli. Nazoratsiz noqonuniy migrasiya Yevropa chegaralari xavfsizligiga haqiqiy tahdid solayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda», — deb yozdi Meloni.

U Italiya «chetda turmasligini» ta’kidlab, Ispaniya uchun salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida «favqulodda choralar» ko‘rilishini bildirdi. Melonining bayonotida Ispaniyani Yevropa Ittifoqining Shengen erkin harakatlanish hududidan chiqarish ehtimoli ham tilga olindi.

Ispaniya esa Italiyaning tanqidini keskin qabul qildi. Antonio Tayanining bayonotidan ko‘p o‘tmay, Italiyaning Madriddagi elchisi Ispaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares ham italiyalik hamkasbiga ijtimoiy tarmoq orqali javob qaytardi.

«Bu xabar hamkor va do‘st davlat tashqi ishlar vaziriga yarashmaydi. Biz undan partiyaviy demagogiyani emas, Yevropa birdamligini kutamiz», — dedi Albares.

Kiritildi: 17:33 31.07.2026. O'qildi: 448 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!