Armaniston hukumati mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida pomidor pastasi importini olti oy muddatga taqiqladi. Rasmiylar bu qarorni Rossiya tomonidan Armaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga joriy etilgan cheklovlar ortidan ichki bozorda pomidor ortiqchasi yuzaga kelgani bilan izohladi.
Tegishli qaror 30 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida qabul qilindi. Taqiq uchinchi davlatlardan, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan olib kelinadigan mahsulotlarga ham tatbiq etiladi.
Erevan ma’lum qilishicha, mazkur chora mahalliy xomashyodan foydalanuvchi ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatbardosh sharoit yaratish va mahalliy fermerlar yetishtirgan pomidorlarni xarid qilish hajmini oshirishga qaratilgan.
Qarorga ilova qilingan tushuntirish xatida vaziyat Rossiyaning Armaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi va tranzitiga joriy etgan cheklovlari bilan bevosita bog‘langani qayd etilgan. Bu cheklovlar natijasida Armanistonning meva-sabzavot, jumladan, issiqxonalarda yetishtirilgan pomidor eksporti sezilarli darajada qisqargan.
Natijada eksport uchun mo‘ljallangan mahsulotning katta qismi mamlakat ichida qolib ketgan. Bu ichki bozorda taklifning ortishi, ochiq maydonlarda yetishtirilgan pomidorlarga talabning pasayishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar ahvolining yomonlashishiga olib kelgan.
Armaniston hukumati vaqtinchalik import taqiqi mahalliy xomashyoni qayta ishlashni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash va ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qilishini bildirmoqda.
So‘nggi oylarda Moskva va Yerevan o‘rtasida savdo masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar kuzatilmoqda. Rossiya nazorat idoralari fitosanitar talablar buzilganini vaj qilib, Armaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turli turlariga cheklovlar kiritgan. Armaniston esa bu choralarni asossiz hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi qoidalariga zid deb baholagan.