The Times'ning xabar berishicha, Mujtaba Xominaiy Eron oliy rahbari etib tayinlanganidan beri omma oldida ko‘rinish bermaganiga qaramay, urush borasidagi qarorlarda muhim rol o‘ynaydi. Chunki Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) harbiy harakatlarni unga tasdiqlatishi lozim. Shu bilan birga, razvedka hamjamiyatining bir qismi Mujtaba Xominaiy o‘lganini taxmin qilmoqda. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa u tirik ekanini ta’kidlab keladi.
Isroilning “Mossad” razvedkasi Xomanaiyning tirik yoki yo‘qligini va qayerda yashiringanini aniqlashga urinmoqda. Ta’kidlanishicha, Xomanaiy taxminan 150 kun davomida qo‘liga telefon olmagan, kompyuterdan foydalanmagan va maxfiy boshpanada yashiringan.
“Mossad” bo‘linmalaridan birining sobiq boshlig‘i Rami Igraning so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati oliy rahnamosiga xabarlarni yetkazish uchun ko‘p qatlamli kurerlar tarmog‘idan foydalanadi. Ammo ular jo‘natmaning mohiyatini bilmasdan, faqat uni odamdan odamga yetkazadi. Igra Eron oliy rahnamosiga yetib borishning yagona real yo‘li u bilan aloqada bo‘lgan agentni yollash ekanini ta’kidladi.
"Ammo bu juda qiyin, chunki Eronda unga yaqin bo‘lgan barcha odamlar qattiq tekshiriladi va ehtimol, IIQKning faqat ikki yoki uch a’zosi u bilan qanday bog‘lanishni biladi", — deya qo‘shimcha qildi “Mossad”ning iste’fodagi xodimi.
"Mujtabo o‘z yuzini ko‘rsatmasa ham, Eron xalqiga murojaat qilishda ovozidan foydalanishi mumkin edi. Lekin bu uni aniqlashni osonlashtiradi. Ovozli fayldan, masalan, yozib olingan qurilma turi va joyi haqida ma’lumot olish mumkin", — dedi “Mossad”ning sobiq podpolkovnigi Avner Avraam.
Pentagonning sobiq yuqori martabali amaldori fevral oyi boshida Mujtabo Xominaiyning otasi Ali Xominaiyning o‘limiga sabab bo‘lgan havo hujumidan so‘ng Eronning hozirgi oliy rahnamosi o‘z xavfsizligiga ko‘proq e’tibor qaratayotganiga ishonch bildirdi.
Shu bilan birga, The Times'ning amerikalik suhbatdoshi Eron qirq yildan beri yopiq hudud bo‘lib qolayotganini eslatib, AQSh agentligining imkoniyatlariga shubha bilan qaradi. U Isroil razvedkasi resurslari cheklangan bo‘lsa-da, ancha samarali ishlayotganini aytdi.
Mujtabo Xominaiydan videomurojaatlar va ovozli xabarlar yo‘qligiga qaramay, so‘nggi oylarda X ijtimoiy tarmog‘ida uning nomidan xabarlar paydo bo‘ldi. Rahnamoning murojaatlari Eron davlat agentliklari tomonidan ham e’lon qilingan.
Mujtabo Xominaiy xavfsizlik sababli otasining dafn marosimida ham qatnashmagan edi. Janozada oyatulloh Ali Xominaiyning uch o‘g‘li — Mustafo, Meysam va Mas’ud ko‘rinish bergandi.