AQSh armiyasi Lockheed Martin kompaniyasi bilan Patriot PAC-3 MSE tutib qoluvchi raketalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 58,6 milliard dollargacha bo‘lgan shartnoma imzoladi. Bitim 2026–2032 yillarni qamrab oladi va Amerika zaxiralari qisqarayotgan bir paytda raketalar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishni nazarda tutadi.
Ma’lum qilinishicha, qarorga o‘q-dorilarning yuqori sur’atlarda sarflanayotgani sabab bo‘lgan. AQSh Ukraina boshchiligidagi ittifoqchilariga qurol yetkazib berishda davom etmoqda, shuningdek, Yaqin Sharqdagi o‘z harbiy operasiyalarida ham ushbu raketalardan faol foydalanmoqda.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) bahosiga ko‘ra, AQSh ixtiyorida hozir 1000 tadan kam Patriot va 250 tadan kam THAAD tutib qoluvchi raketa qolgan.
Lockheed Martin yangi shartnoma asosida 2030 yilgacha ishlab chiqarish quvvatlarini uch baravar oshirish va yillik 2000 ta Patriot raketasi ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Kompaniya, shuningdek, 20 dan ortiq korxonani modernizasiya qilish uchun 9 milliard dollargacha investisiya kiritish va asosiy zavodlardan biri xodimlari sonini qariyb 50 foizga ko‘paytirishni ko‘zda tutgan.
Shu bilan birga, Pentagon Tomahawk qanotli raketalari ishlab chiqarish hajmini ham oshirishga harakat qilmoqda. Prezident Donald Tramp ma’muriyati mudofaa sanoati kompaniyalaridan qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni tezlashtirish va davlat buyurtmalarini ustuvor tartibda bajarishni talab qilmoqda.