Islom shariatiga ko‘ra zaruratsiz holatda it boqish mutlaqo joiz emas. Abu Talha raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Farishtalar it va surat bor uyga kirmaslar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kimki it boqsa har kuni savob ishlariga beriladigan ajrlaridan bir qiyrot yoki ikki qiyrot kamayadi. Qo‘riqchi, podachi va ovchi itlar bundan mustasnodir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Hadisda aytilgan “qiyrot” so‘zining izohi borasida Imom Muslim rivoyatida “Uning kichigi Uhud tog‘idek», deyilgan.
Rivoyatlarda keltirilishicha, “Qiyomat alomatlaridan biri kishilarning it bolasini boqishni odat qilishlaridir. Hatto bu ishni ular o‘z farzandini parvarishlagandan ham yuqori darajaga qo‘yishadi” (Imom Tabaroniy va Imom Hokim rivoyat qilgan).
Hadisdan ma’lum bo‘ladiki, uy qo‘riqlaydigan, podaga qaraydigan va ovchi itlardan boshqasini boqish mumkin emas. Demak, sababsiz yoki qiziqish uchun uyda it saqlash va boqish shariatda qaytarilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay’ati. @diniysavollar