Bu yil kuz fasli yog‘ingarchiliksiz o‘tayotgani, yaqin kunlarda ham yomg‘ir kutilmayotgani e’tiboridan respublikamizning barcha masjidlarida istisqo namozini o‘qish maqsadga muvofiq, deb topildi.
Istisqo namozini ado etish uchun katta jamoat bo‘lishi e’tiboridan istisqo namozini juma namozi vaqtida ado etish ayni muddaodir. Zero, rivoyatlarda payg‘ambarimiz alayhissalom ham juma namozi vaqtida istisqo duosini o‘qiganlari keltiriladi.
Fiqhiy kitoblarimizda istisqo namozidan oldin unga ruhan tayyorgarlik ko‘rilishi bayon etilgan. Jumladan, o‘tgan gunohlarni yodga olib, unga tavba qilish, istig‘for kalimasini ko‘p aytish, o‘zgalarning haqini ado etish, qarzlarni uzish, o‘zaro arazlashganlar bo‘lsa o‘rtani isloh qilib, bir-birlaridan rozilik olishlari, moddiy imkoniyatga ega kishilar kambag‘al va muhtojlarga sadaqa va ehson tarqatishlari tavsiya etiladi.
Demak, ertaga o‘qiladigan istisqo namozi juma namozining farzi va undan keyingi to‘rt rakatli sunnatini ado etib bo‘lgandan keyin o‘qiladi. Namoz boshlanishi oldidan muazzin jamoatni saflanishga chorlashi bilan saf tortiladi. Namozga niyat qilishda: “Ikki rakatli istisqo namozi o‘qishni niyat qildim, hozir bo‘lgan imomga iqtido qildim”, deyiladi. Istisqo namozi ikki rakat, xuddi juma namozidek ado etiladi. Namozdan keyin imom qavmga yuzlangan holda tik turib qisqacha xutba qiladi. Xutbadan keyin qiblaga yuzlanib tik turgan holda duo qiladi. Jamoat esa, o‘tirgan holida imomning duosiga “omin” deb turadi.
Imom har gal “Allohumma” deb duo qilganida, jamoat “Omin”, deb turishi ayni muddaodir. Chunki, “omin” kalimasi “ijobat qil”, “qabul qil”, “shunday bo‘lsin”, degan ma’noni anglatadi.
Istisqo duosi
اللَّهُمَّ أَغِثِ الْقُلُوبَ بِالْإِيمَانِ، وَالْأَرْضَ بِالْمَطَرِ وَالْهَتَّانِ، اللَّهُمَّ أَنْتَ اللهُ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ، أَنْتَ الْغَنِيُّ وَنَحْنُ الْفُقَرَاءُ، أَنْزِلْ عَلَيْنَا الْغَيْثَ وَلَا تَجْعَلْنَا مِنَ الْقَانِطِينَ، اللَّهُمَّ اسْقِنَا وَأَغِثْنَا، اللَّهُمَّ أَغِثْنَا، اللَّهُمَّ أَغِثْنَا، اللَّهُمَّ أَغِثْنَا، غَيْثًا مُغِيثًا، هَنِيئًا مَرِيئًا، مُجَلِّلًا سَحًّا، عَامًّا دَائِمًا، نَافِعًا غَيْرَ ضَارٍّ، عَاجِلًا غَيْرَ آجِلٍ، اللَّهُمَّ تُحْيِي بِهِ الْبِلَادَ، وَتُغيثُ بِهِ الْعِبَادَ، وَتَجْعَلُهُ رَحْمَةً لِلْحَاضِرِ وَالْبَادِ، اللَّهُمَّ سُقْيَا رَحْمَةٍ لَا سُقْيَا عَذَابٍ وَلَا هَدَمٍ وَلَا بَلَاءٍ وَلَا غَرْقٍ، اللَّهُمَّ أَنْبِتْ لَنَا الزَّرْعَ، وَأَدِرَّ لَنَا الضَّرْعَ، وَأَنْزِلْ عَلَيْنَا مِنْ بَرَكَاتِكَ، وَاجْعَلْ مَا أَنْزَلْتَهُ قُوَّةً لَنَا عَلَى طَاعَتِكَ، وَبَلَاغًا إِلَى حِينٍ.
اللَّهُمَّ إِنَّا خَلْقٌ مِنْ خَلْقِكَ، فَلَا تَمْنَعْ عَنَّا بِذُنُوبِنَا فَضْلَكَ }رَبَّنَا لَا تُؤَاخِذۡنَآ إِن نَّسِينَآ أَوۡ أَخۡطَأۡنَاۚ رَبَّنَا وَلَا تَحۡمِلۡ عَلَيۡنَآ إِصۡرٗا كَمَا حَمَلۡتَهُۥ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِنَاۚ رَبَّنَا وَلَا تُحَمِّلۡنَا مَا لَا طَاقَةَ لَنَا بِهِۦۖ وَٱعۡفُ عَنَّا وَٱغۡفِرۡ لَنَا وَٱرۡحَمۡنَآۚ أَنتَ مَوۡلَىٰنَا فَٱنصُرۡنَا عَلَى ٱلۡقَوۡمِ ٱلۡكَٰفِرِينَ{ بِرَحْمَتِكَ يَا أَرْحَمَ الرَّاحِمِينَ
Ma’nosi:
“Yo Alloh, bizga foydali, serob, ravon, barakotli, ziyoda va ko‘p yomg‘ir yog‘dirgin! Kechikmagan holda, tezda yog‘sin. Zararsiz va foydali bo‘lsin!”
“Yo Alloh! Qalblarni iymon bilan, yerni esa yomg‘ir va mayin tomchilar bilan serob qil.
Yo Alloh! Sen O‘zing Allohsan, Sendan o‘zga iloh yo‘q. Sen Boy Zotsan (behojatsan), biz esa kambag‘al (muhtoj) bandalarmiz. Bizga qut-barakali yomg‘ir yog‘dirgin va bizni noumid bo‘luvchilardan qilib qo‘ymagin.
Yo Alloh! Bizni serob qil va yordam ber! Yo Alloh! Yordam ber! Yo Alloh! Yordam ber! Yo Alloh! Yordam ber! Yog‘ishi bilan madad beruvchi, osh bo‘luvchi, yoqimli, davomli, keng qamrovli, doimiy, foydali, zararsiz, kechiktirilmasdan tezroq bo‘lgan yomg‘ir bilan yordam ber!
Yo Alloh! Sen u yomg‘ir bilan yurtlarni tiriltirasan, bandalarni najot berib serob qilasan, va uni hozirga va kelajakka (shaharda va cho‘lda yashovchilarga) rahmat qilib qo‘yasan. Yo Alloh! Bu rahmat yomg‘iri bo‘lsin, azob, vayronagarchilik, balo va g‘arq qilish yomg‘iri bo‘lmasin!
Yo Alloh! Biz uchun ekinlarni undirib, sutli hayvonlarning sutidan baraka berib, O‘z barakotlaringni bizga nozil qil. Va Sen nozil qilgan narsani biz uchun Sening toatingga (ibodatimizga) quvvat va belgilangan vaqtgacha (yashashimizga) yetkazguvchi vosita qilgin.
Yo Alloh! Biz Sening yaratgan jonzotlaringning bir qismimiz. Shunday ekan, gunohlarimiz tufayli O‘z fazlingni bizdan man qilib qo‘ymagin.
Ey Rabbimiz! Agar unutsak yoki xato qilsak, bizni jazolamagin.
Ey Rabbimiz! Bizdan oldingilarga yuklagan og‘ir yukni bizga yuklamagin.
Ey Rabbimiz! Toqatimiz yetmaydigan narsani zimmamizga olmagin. Va bizni afv et, mag‘firat qil va rahm ayla. Sen bizning Xojamizsan. Bas, O‘z rahmating bilan, ey Rahmlilarning Rahmlisi!”.
***
Istisqo duosidan keyin doimgidek Qur’on tilovat qilinib, jamoat va boshqa duo so‘raganlar haqiga duo qilinadi.
✅ O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati