O‘zbekiston delegasiyasi amaliy tashrif bilan Turkiyaning Istanbul shahriga bordi.
Safar davomida o‘zbek diasporasi faollari, jumladan, madaniyat markazlari va jamoat birlashmalari rahbarlari, shuningdek, mamlakat fuqarolarini mehnat faoliyatiga jalb qilishdan manfaatdor bo‘lgan turk kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ularda "O‘zbekiston madaniyati – birdamlik va hamkorlik jamiyati" rahbari Cho‘qay Ko‘char, "O‘zbekiston xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati" direktori Ozoda Islomova, "O‘zbekiston sanoatchilari va tadbirkorlari xalqaro jamiyati" rahbari Furqat Olimjonov va boshqalar qatnashdi.
Suhbat chog‘ida hamyurtlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, qonuniy mehnat faoliyatini himoya qilish va ijtimoiy moslashuvi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbek diasporal tashkilotlarini jipslashtirish, ularni madaniy-ma’rifiy loyihalarga jalb etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini mehnat faoliyatiga jalb qilishdan manfaatdor bo‘lgan Turkiyaning Rixos Hotel A.Ş, Sheraton Hotel A.Ş, Kalyon A.Ş, Ziraat Tarım, Hayvancılık ve Yatırım A.Ş, Cengiz Holding, MedLoc Logistics va Eczacıbaşı Holding kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda mehnat migrasiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, migrantlarning huquqlarini himoya qilish ko‘lamini oshirish masalalari xususida fikr almashildi.
Bundan tashqari, safar davomida Turkiyaning chet el fuqarolari huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan yetakchi yuridik firmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida Turkiya hududida vaqtincha yashayotgan va ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikning aniq yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.