Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari natijasida uch kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda «Assoshieyted press» agentligi gubernatorlik ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi yog‘ingarchilik 1942 yildan beri kuzatilgan eng kuchli yomg‘ir bo‘lgan. Halok bo‘lgan uchinchi kishining jasadi Qag‘itxane tumanidagi Sadabot bog‘i yaqinidan topilgan. Marhumning shaxsi hozircha aniqlanmagan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchining ma’lum qilishicha, suv bosgan hududlardan 2727 kishi evakuasiya qilingan. Qutqaruv ishlarida favqulodda vaziyatlar xizmati, sohil qo‘riqlash xizmati, jandarmeriya va shahar xizmatlari ishtirok etmoqda.
Kuchli yog‘ingarchilik havo qatnoviga ham ta’sir ko‘rsatdi. Turkiya Transport va infratuzilma vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Istanbul aeroportiga qo‘na olmagan 43 ta samolyot boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.
Xavfsizlik choralari doirasida 16 oktyabr, juma kuni shahardagi maktablarda darslar bekor qilindi. Istanbul gubernatori Dovut Gulning ta’kidlashicha, qaror o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Ayni paytda maktab binolaridagi shikastlanishlar va elektr simlarining holati tekshirilmoqda.
Turkiya adliya vaziri Okin Gyurlek hodisa yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qildi. Tergov davomida voqea sabablari, ehtimoliy beparvolik va qoidabuzarliklar o‘rganilmoqda.
Yog‘ingarchilik 14 oktyabr kuni Istanbulda yo‘llar, yerosti o‘tish joylari, turar joylar va tijorat binolarini suv ostida qoldirgan. Avvalroq Fotih tumanida 14 yoshli bola suv to‘plangan joyga tushib ketib, elektr toki urishi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
14 oktyabr oqshomiga qadar favqulodda xizmatlarga suv toshqini, ko‘chkilar va yordamga muhtoj odamlar haqida 2518 ta xabar kelib tushgan. Shuningdek, shaharda motosikllar va boshqa ikki g‘ildirakli transport vositalari harakatiga cheklov kiritilgan.