Isroillik ko‘chmanchilar tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilning Al-Xalil (Xevron) va Nablus hududlarida uyushtirilgan hujumlar oqibatida yetti nafar falastinlik jarohat oldi. Jabrlanganlar orasida ikki nafar bola, to‘rt nafar ayol va bir keksa erkak bor.
Falastinning WAFA axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chmanchilar Nablusning Nasariya, Bazan va Gumas hududlariga bostirib kirib, qishloq xo‘jaligi palatasi binosiga zarar yetkazgan hamda falastinliklarga tegishli qishloq xo‘jaligi yerlarini vayron qilgan.
Shuningdek, Al-Xalilning Masafer Yatta hududida ham Isroil harbiylari himoyasi ostida harakat qilgan ko‘chmanchilar itlardan foydalanib, falastinlik Ibrohim Ismoil Fanun va uning oilasiga hujum uyushtirdi.
Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida ikki nafar bola, to‘rt nafar ayol va bir keksa erkak tan jarohati olgan.