Isroilning 13 iyun kuni amalga oshirgan havo hujumlari natijasida Natanzda joylashgan asosiy yadroviy zavodidagi uranni boyitish sentrifugalari butunlay yo‘q qilingan bo‘lishi mumkin. AEXA bu hodisani radiasion va kimyoviy ifloslanish keltirib chiqargan jiddiy avariya sifatida baholamoqda.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossining BBC nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujum natijasida zavod tashqi elektr ta’minotisiz qolgan va uning yer usti infratuzilmasi butkul vayron qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat sentrifugalarning yoki jiddiy shikastlanishiga, yoki to‘liq yo‘q bo‘lishiga olib kelgan.Grossi, shuningdek, ushbu hujum oqibatida zavod hududida radiasion va kimyoviy ifloslanish qayd etilganini, biroq tashqi muhitda radiasiya me’yor doirasida ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, u AEXA xodimlari xavfsizligi uchun hozircha ushbu ob’ektga tashriflar to‘xtatilganini ma’lum qildi.«Men o‘z inspektorlarimni bunday xavf ostiga qo‘ya olmayman.
Shuning uchun ob’ektlar yopilgan, ularda hech qanday nazorat faoliyati amalga oshirilmayapti», — deya ta’kidladi agentlik rahbari.Bu hujum Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlikning yanada oshishiga olib kelishi mumkin.
Xususan, Natanz ob’ekti Eronning yadroviy dasturida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uranni 60 foiz darajagacha boyitish imkoniga ega ekani bilan tanilgan.