Isroil Bosh vazirining Vashingtonga tashrifi ham diplomatik, ham ramziy jihatdan muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Ikkala tomonning bayonotlari va matbuotga sizdirilgan tasvirlar Netanyaxuning kutganlari amalga oshmaganini aniq ko‘rsatdi. Bu haqda Isroilning yetakchi ommaviy axborot vositalari ochiq yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 7 aprel kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, Eron yadro dasturi, Turkiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki va ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari muhokama qilindi.
▪️ Netanyaxu Turkiyaning Suriyadagi ta’siridan noroziligini bildirdi , biroq Trampdan aniq javob olmadi. Aksincha, Amerika yetakchisi Turkiya prezidentini olqishladi va Isroil Turkiya bilan har qanday muammolarni hal qilish uchun oqilona harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
▪️ Netanyaxu tashrifdan tariflarni bekor qilish yoki pasaytirish ko‘rinishidagi natijalar bilan qaytishini kutgan , biroq Oq uyni hech narsasiz tark etgan. Tramp 17 foizlik tariflarni pasaytirish talabini rad etdi va Isroil har yili AQShdan 4 milliard dollar yordam olishini eslatdi.
Qizig‘i shundaki, Isroil tariflarni joriy etishdan oldin AQSh importiga qo‘yilgan qolgan tariflarni bekor qilgan edi, ammo bu Trampni javob tariflarini joriy etishdan to‘xtata olmadi.
▪️ Netanyaxuning savdo taqchilligini bartaraf etish haqidagi va’dalari va Eronga nisbatan keskin pozisiyani egallash talablari javobsiz qoldi. Bundan tashqari, Tramp Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilishini e’lon qilib, harbiy harakatlardan ko‘ra Tehron bilan kelishuvga erishish afzalroq ekanini ta’kidladi.
Walla muxbiri Barak Ravid uchrashuvni "butunlay muvaffaqiyasizlik" deb atagan bo‘lsa, "Maariv" sharhlovchisi Anna Barskiy matbuot anjumanini umidsizlik deb ta’riflab, Trampning tariflar bo‘yicha javobi "xo‘rlik bilan chegaralanganini" ta’kidladi.