Isroil hukumati Buyuk Britaniyaga Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopish majburiyatini yukladi. Bu haqda ikki nafar Isroil rasmiysi va vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ushbu konsullik Britaniyaning Quddus, bosib olingan G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi Falastin masalalari bo‘yicha vakolatxonasi hisoblanadi. Tegishli qaror 12 ta davlat, jumladan, Buyuk Britaniya Falastinning G‘arbiy sohil hududidagi noqonuniy Isroil aholi punktlari bilan savdoni taqiqlab, sanksiyalar joriy etganiga javob sifatida qabul qilindi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband Isroilning bu qaroridan afsusda ekanini, ammo bu kutilmagan holat emasligini aytdi. Shu bilan birga, Miliband Isroil hukumatini yahudiy ko‘chmanchilarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligiga ko‘z yumayotganlikda aybladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, javob choralari doirasida quyidagi cheklovlar joriy etiladi:
– Konsullikda ishlovchi britaniyalik diplomatlar 30 kundan keyin diplomatik maqomidan mahrum bo‘ladi;
— AQSh boshchiligidagi muvofiqlashtirish missiyasida ishlovchi britaniyalik mutaxassislar va Ramallohdagi diplomatlar 7 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak;
— Buyuk Britaniyaga bosib olingan G‘arbiy sohilda Falastin xavfsizlik kuchlarini o‘qitish taqiqlanadi;
— 12 nafar britaniyalik deputat va boshqa fuqarolar, jumladan Leyboristlar partiyasining sobiq rahbari Jeremi Korbinning Isroilga kirishi taqiqlanadi.