Isroil Livanning janubidagi Nabatiya viloyatida moshinaga dron orqali zarba berdi.
Isroil armiyasi Livanning janubida joylashgan Nabatiya viloyatining Tul qishlog‘idagi avtomobilga hujum qildi. Zarba uchuvchisiz uchish apparati orqali amalga oshirilgani haqida Livan axborot agentligi NNA xabar berdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hujum natijasida bir kishi yaralangan.
2024 yil 27 noyabrda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Isroil Livanning janubiy hududlariga zarbalarni davom ettirmoqda. Mahalliy hokimiyat va xalqaro tashkilotlar kelishuvning muntazam buzilishini qayd etmoqda.
BMT Inson huquqlari oliy komissarining rasmiy vakili Tamin Al-Xitanning ma’lum qilishicha, kelishuv tuzilganidan beri 114 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Uning ayttishicha, idora Isroilning istiqomat xonadonlariga berilayotgan zarbalarini, shuningdek aholini uylarini tark etishga chorlovchi ogohlantirishlarini kuzatib bormoqda.
«Fuqarolarga nisbatan davom etayotgan zo‘ravonlikni darhol to‘xtatish lozim. Livanning janubida aholi ikki yildan ortiq vaqt davomida xavf ostida yashamoqda. Biz o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga va xalqaro gumanitar huquq normalariga so‘zsiz rioya etishga chaqiramiz», — dedi Al-Xitan «Anadolu» agentligiga bergan sharhida.
Isroil Livanga hujumlarni 2023 yil oktyabr oyida yana boshlagan edi. 2024 yil sentyabr oyiga kelib, harbiy harakatlar keng ko‘lamli urushga aylandi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 4 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, taxminan 17 ming kishi yaralangan.
Ma’lum qilinishicha, Isroil 2024 yil noyabrda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini 4 500 marotabadan ortiq buzgan.
Shuningdek, Isroil so‘nggi urush davomida egallagan beshta balandlikni hamon o‘z nazoratida saqlamoqda. Armiya bir necha o‘n yillardan beri nazoratida bo‘lgan ba’zi hududlarda o‘z mavjudligini davom ettirmoqda.