Livan tashqi ishlar vaziri Yusuf Rojjiyning ma’lum qilishicha, xalqaro tomonlardan Isroil Livanga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashga hozirlanayotgani haqida ogohlantirishlar olgan.
Bayrut «Livanni va uning infratuzilma ob’ektlarini ehtimoliy zarbalardan himoya qilish uchun» diplomatik aloqalarni keskin kuchaytirmoqda.
Payshanba kuni kechqurun KAN teleradiokompaniyasi Isroil armiyasi — Livan hukumati «Hizbulloh» qurollarini yo‘q qilish majburiyatini bajarmagan taqdirda, keng miqyosli hujum uchun tayyorgarlikni yakunlaganini xabar qildi.
Isroil AQShga shunday ma’noda xabar yuborgan: «Isroil mustaqil ravishda harakat qiladi. Hatto bu bir necha kunlik janglarga yoki shimoliy frontda to‘qnashuvlarning qayta boshlanishiga olib kelsa ham».
«Biz Isroil bilan Sulh kelishuviga qaytishga intilyapmiz, biroq tinchlik shartnomasi hozircha juda uzoq istiqbol bo‘lib qolmoqda», — dedi Livan tashqi ishlar vaziri.
Uning aytishicha, G‘azoni qo‘llab-quvvatlash va Livanni himoya qilish doirasidagi amaliyotlarda «Hizbulloh» qurollari cheklangan samaradorlikni ko‘rsatgan.
Livanda 2024 yil noyabridan buyon o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilib kelmoqda. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan buyon Isroil tomonidan mingdan ortiq hujum uyushtirilib, kamida 335 kishi o‘ldirilgan.