Isroilning harbiy-siyosiy kabineti G‘azo sektoriga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirishga ruxsat berdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, birinchi bosqichda Rafah hududida taxminan 200 nafar harbiy xizmatchini joylashtirish rejalashtirilgan. Missiyada ishtirok etishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida Marokash va Uganda ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur qaror bosh vazir Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi arafasida qabul qilindi. U yerda u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan G‘azo sektoridagi urushdan keyingi boshqaruv tizimini muhokama qilishi rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, Rafahda xalqaro kontingent muhofazasi ostida tajriba hududi tashkil etiladi. Keyinchalik ushbu model G‘azoning boshqa hududlarini boshqarish uchun ham namuna sifatida qo‘llanilishi mumkin.