Atrof-muhit sifati bo‘yicha Falastin ma’muriyati BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 6 noyabrda nishonlanadigan Urush va qurolli mojarolar vaqtida atrof-muhitdan foydalanishning oldini olish kuni munosabati bilan bir yildan ortiq vaqtdan beri Isroil tomonidan bombardimon qilinayotgan G‘azo sektoridagi ekologik ofat haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azo sektoriga 85 ming tonnadan ortiq portlovchi moddalarni tashlagani 40 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lishi bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlarini ham butunlay izdan chiqargan.
G‘azo sektoriga tashlangan bombalar “Ikkinchi jahon urushi davrida qo‘llanilgan bombalardan ancha kuchliroq”.
“Isroilning tinimsiz bombardimonlari natijasida katta-katta qishloq xo‘jaligi maydonlari yaroqsiz holga keltdi, yer zaharli kimyoviy moddalar bilan ifloslandi, o‘nlab yillar davomida ekin ekishga yaroqsiz holga keldi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Isroil G‘azo sektorida inson hayoti va barcha tirik organizmlar uchun xavf tug‘diruvchi fosfor bombalarini qo‘llaganiga e’tibor qaratildi. Bomba portlashi natijasida yer osti suvlariga qo‘yilgan kimyoviy moddalar G‘azo sektoridagi hayotga o‘nlab yillar davomida salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deyiladi hisobotda.
Falastin ma’muriyati BMT va xalqaro hamjamiyatni Isroil hujumlarini to‘xtatish, atrof-muhitdan harbiy maqsadlarda foydalanishning oldini olish va xalqaro qonunlarga rioya etilishini ta’minlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.