Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan zarba berdimi?

Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan zarba berdimi?

Ukraina havo kuchlari 21 noyabr kuni ertalab Dneprni o‘qqa tutish paytida Rossiya qo‘shinlari mamlakat hududi bo‘ylab qit’alararo ballistik raketa (QBR) uchirganini ma’lum qildi.

Zarba Astraxan viloyatida amalga oshirilgan, deyiladi Ukraina harbiylari bayonotida. Unda boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Dnepr bo‘ylab «Kinjal» aeroballistik raketasi va yettita X-101 qanotli raketalarini uchirgan. Havo hujumidan mudofaa ishlari natijasida oltita X-101 raketasi urib tushirilgan.

«Boshqa raketalar bo‘yicha jiddiy oqibatlar kuzatilmadi», deya ta’kidlanadi Ukraina Qurolli kuchlari hisobotida.

CNN nashrining qayd etishicha, agar ma’lumot tasdiqlansa, bu Rossiya tomonidan urush davomida bunday turdagi raketalardan birinchi marta foydalanish bo‘ladi. Telekanal sharhlovchisining fikricha, Rossiyaning QBRdan foydalanishi AQSh Ukrainaga Amerika ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat berganidan keyin imkoniyatlarini namoyish qilishidir.

Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning ma’lum qilishicha, Dneprda raketa zarbasi oqibatida sanoat korxonasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitasiya qilish markazi, xususiy uylar va yana bir nechta joylar zararlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi jarohat olgan.

Qit’alararo ballistik raketa — 5500 km dan 9000 km gacha bo‘lgan masofani bosib o‘ta oladigan uzoq masofali qurol. QBR shaxtalardan yoki ko‘chma ishga tushirish qurilmalaridan uchiriladi va qattiq yoki suyuq yoqilg‘i bilan ishlashi mumkin.

Rossiya Mudofaa vazirligi Dneprga raketa hujumi haqidagi ma’lumotlarga izoh bermadi.

Kiritildi: 17:42 21.11.2024. O'qildi: 1393 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!