Bugun 23 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Isroil Eronga zarba berishdan boshqa chorasi yo‘qligini e’lon qildi

Isroil Eronga zarba berishdan boshqa chorasi yo‘qligini e’lon qildi

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan telefon suhbatida yahudiy davlati rasmiylarining Eron hujumiga javob berishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Axios xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yoav Galant o‘z hamkasbiga Isroil hududiga uchirilgan ballistik raketalarga javob bermasdan turolmasligini aytgan. Shuningdek, u yahudiy davlati Isroil Suriyadagi nishonlarga har safar zarba berganida Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum bilan javob qaytaradigan vaziyatga rozi emasligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Ostin vaziyatni yanada keskinlashtirmaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligini aytgan. 13 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon suhbatida yahudiy davlatining Eron zarbasi bilan bog‘liq javob choralarini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgandi.

Eronning Isroilga hujumi va sabab

14 aprel kuni Eron tunda 300 dan ortiq dron, qanotli va ballistik raketalar bilan Isroilga hujum qildi. Bunga Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga 1 aprel kuni bergan aviazarbasi sabab bo‘ldi. Hujum oqibatida 11 kishi, jumladan, 2016 yilgacha Livan va Suriyadagi “Quds” elita kuchlariga rahbarlik qilgan Eron harbiy maslahatchisi general Muhammad Rizo Zohidiy, uning o‘rinbosari general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy vafot etgan.

Holat yuzasidan AQSh razvedkasi Isroilni Eron tomonidan qasos hujumi bo‘lishidan ogohlantirgan, Bayden Isroilni doim qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Eronni hujum qilmaslikka chaqirgan. Bunga javoban Eron agar amerikalik harbiylar Isroil tomonda ularga qarshi jang qilsa, nishonga olinishlaridan ogohlantirgan. O‘z navbatida, AQSh harbiylari hafta oxirida Eron va Yamandan Isroilga uchirilgan 80 dan ortiq dronni urib tushirgan. Ular orasida kamida olti ballistik raketa ham bo‘lgan.

Isroil armiyasining da’vo qilishicha, 14 aprel kuni mamlakatga yaqinlashayotgan raketa va dronlarning 99 foizi Arrow uzoq masofali raketaga qarshi mudofaa tizimi va qiruvchi samolyotlar tomonidan yo‘q qilingan. Eron harbiy shtab-kvartirasi hujumni “muvaffaqiyatliroq” deb atagan va javob hujumi bo‘lgan taqdirda “kattaroq kuch bilan” zarba berishni va’da qilgan.

Kiritildi: 12:41 16.04.2024. O'qildi: 1600 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!