"Bosh vazir Binyamin Netanyahu 20 iyul kuni “yaroqsiz yoki buzilgan” oziq-ovqatdan zaharlangach, ichak yallig‘lanishi bilan kasallandi. Netanyahu kelgusi uch kun davomida uyida dam oladi, biroq davlat ishlarini o‘sha yerdan turib davom ettiradi", deyiladi Isroil hukumati bayonotida.
The Jerusalem Post nashriga ko‘ra, bosh vazir “davlat ishlarini uydan turib olib borishi” u dushanba va seshanba kunlarida belgilangan jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarida ishtirok eta olmasligini anglatadi. Sud tinglovlari endi faqat sentyabr oyida, sudlar ta’tildan qaytgach, davom ettiriladi.
Yakshanba kuni kechga borib, Binyamin Netanyahuning advokatlari suddan uning shu haftaga belgilangan guvohlik berish sessiyasini rasman bekor qilishni ham so‘ragan. Netanyahu jamoasi uning ko‘rsatmasini chorshanbaga ko‘chirishni taklif qilgan.