Isroil AQShga murojaat qilib, Yamandagi husiylarga qarshi harbiy operasiyalarni qayta tiklashni talab qildi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar berdi.
Nashr manbasiga ko‘ra, Tel-Aviv AQShni faqat havo hujumlari bilan cheklanmasdan, yanada intensiv hamkorlikdagi hujumlar, yangi koalisiya tuzish va boshqa davlatlarni ham bu jarayonga jalb qilishga chaqirgan.
Bu murojaat husiylar tomonidan shu hafta ikki savdo kemasi — Magic Seas va Eternity cho‘ktirib yuborilgach bildirildi.
Isroil rasmiylari bu talabni Binyamin Netanyahuning Vashingtonga rasmiy tashrifi chog‘ida ilgari surgan.
Avvalroq husiylar va AQSh o‘rtasida otashkesim to‘g‘risida kelishuv tuzilgan edi — bu AQShning husiylarga qarshi aviahujumlar seriyasini to‘xtatgan edi.