Ukrainaning to‘rtinchi prezidenti Viktor Yanukovichning sobiq ma’muriyat rahbari o‘rinbosari Andrey Portnov 21 may kuni Madrid viloyatidagi Posuelo-de-Alarkon shahrida o‘ldirildi. Bu ma’lumotni Ispaniya polisiyasi tasdiqladi.
El Pais nashri ma’lumotiga ko‘ra, Portnov American maktabi darvozasi yonida, farzandlarini maktabga olib kelgan vaqtda o‘ldirilgan. Portnov avtomobiliga o‘tirmoqchi bo‘lgan paytda unga ikki yoki uch kishi yaqinlashib, o‘q uzishgan. U beshtadan kam bo‘lmagan o‘q jarahati olgan, ulardan uchtasi boshiga tekkan. Portnov voqea joyida halok bo‘lgan.
Hujumchilar o‘rmonga qochib ketishgan. Polisiya qanday qurol ishlatilganini ochiqlamagan. Hibsga olinganlar haqida ma’lumot yo‘q.
51 yoshli Portnov Lugansk viloyatida tug‘ilgan. U huquqshunos bo‘lib ishlagan va 2006 yili Ukraina Oliy Radasi deputati etib saylangan. 2010 yilgi prezidentlik saylovlarida Yuliya Timoshenko mag‘lub bo‘lgach, uning manfaatlarini sudda himoya qilgan. 2011–2014 yillarda Viktor Yanukovichning maslahatchisi, so‘ngra esa prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. 2015 yili Ukrainadan chiqib ketgan, 2019 yili esa mamlakatga qaytib kelib, prezident Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Portnoayuv 2022 yil iyun oyida yana Ukrainadan chiqib ketgan.