Bugun 5 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi Senatga yuborildi

Islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi Senatga yuborildi

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib Senatga yuborildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan islomiy bank va moliya operasiyalariga oid huquqiy normalar loyihada aks ettirilganligi ma’qullandi. Shuningdek, moliya standartlari hamda investisiyaviy depozitlarga oid normalar bo‘yicha avval bildirilgan takliflar inobatga olinganligi xalq vakillari e’tiborida bo‘ldi.

Loyihada islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyani olish bo‘yicha talablar aniq belgilanayotganligi, islomiy moliya operasiyalariga oid tushunchalar ochib berilayotganligi hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni olishga ruxsat berilishi nazarda tutilganligi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, deputatlar qonun loyihasi bilan islomiy moliya operasiyalariga soliq solish bo‘yicha tegishli tartibning joriy qilinayotgani moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘lamining oshishiga katta turtki berishini ta’kidlashdi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hamda xorijiy investisiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Kiritildi: 13:39 11.11.2025. O'qildi: 653 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!