Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi yangilangan lotin alifbosiga qarshi chiqmoqda

Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi yangilangan lotin alifbosiga qarshi chiqmoqda

Xabaringiz bor, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Toshkent davlat universiteti qoshida tuzilgan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirish bo‘yicha ishchi guruh”ning xulosalari e’lon qilingan edi.

Bu xulosalar bugungi kunda omma tomonidan keng muhokama qilinmoqda. 

"Qalampir.uz"ning yozishicha, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning Matbuot kotibi lavozimida ishlagan, tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyo ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining yangilangan varianti xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Toshkent davlat universiteti qoshida tuzilgan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirish bo‘yicha guruh”ning xulosalari bilan tanishish asnosida o‘ylab qolasan kishi. Birinchidan, “Davlat tili haqida” qonuni qabul qilinganiga o‘ttiz yil, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”qonuni kuchga kirganiga yigirma olti yil to‘layotgani sharoitida shuncha yildan beri nima qildik o‘zi, nega bu haqida endigina bosh qotiryapmiz, so‘rog‘i tug‘ilmasligining hech iloji yo‘q. Demak, muammo borligini bilib turib jim yurganmiz yoki, agar tilimizning kuni shusiz ham o‘tib kelgan ekan, bundan bu yog‘iga ham “osmon uzilib yerga tushmasdi”. Keskin ketishimizning sababi bitta: lotin alifbomizni epaqaga keltirgandan keyin til masalasiga yana eskicha qarashlarni saqlab qoladigan bo‘lsak, bilingki, har chorak asrda bitta xatoni qaytaraveramiz. Negaki, qanchalar ahamiyatli bo‘lishidan qat’i nazar, alifbo butun bir tizim ma’nosidagi til degani emas, balki uning bir bo‘lagi bo‘lmish tovushlar ko‘rinishlarining yig‘indisidir, xolos. Undan tashqari mazkur tizimda so‘z boyligi hamda so‘zlashuv bo‘laklarining to‘g‘ri qurilishini tartibga solishdek o‘ta muhimlari ham borligi sir emas. Shu ma’noda, ikkinchidan, lotin alifbomizda chindan ham bor kamchiliklarni yo‘qotgach, “kasal” tilimizga mukammal lotin alifbomizdan to‘n bichib, bu yog‘iga yana karnay-surnaylar tovushi ostida ketaveramizmi?”.

To‘g‘ri, qo‘yilayotgan so‘roq guruh vazifalariga aloqador emas. Ammo shunday savolni biz – barchamiz, ayniqsa, mutaxassislar o‘rtaga tashlashimiz va unga oqilona javob berishimiz kerak bo‘ladi. Qolaversa, xulosadagi vaj va takliflarni ham bekamu ko‘st, deb bo‘lmaydi. Chamasi, shuning uchun ham u umummilliy tortishuvga tashlanmoqda. Boshqacha bo‘lishi ham mumkinmas. Chunki gap butun bir millat tovushlarining asosiy belgilari – harflar haqida ketmoqda.

Bor alifbodagi muammolar va ular bo‘yicha yechimlarga kelsak, bizga yoqmagani masalaga kompyuterda Word dasturida yozishda tug‘iladigan qiyinchiliklar nuqtai nazaridan yondashilgani bilan bog‘liqdir. Negaki so‘roq tug‘iladi: hali kompyuterda yozish odamlarning tushiga ham kirmagan deyarli yuz burungi paytda qabul qilingan lotin alifbomizni saqlab qolishning iloji bo‘lganida, xuddi kirilchadagi “O‘”ni Word dasturiga kiritib ishlatayotganimizdek, bugun ham “Ɵ”ni qo‘llayotgan bo‘lar edikmi-yo‘qmi? To‘liq ishonch bilan, ha, deya olamiz. Muammoni ikkilamchi ahamiyatga ega vajlar negizida yechishni olqishlay olmaymiz. “Ō (makronli O) va Ḡ(makronli G) harfining ko‘rinishi hozirgi yozma shaklga yaqin, lekin Ḡ/ḡ harfi UNICODE jadvalining quyi qismida joylashgani uchun shriftlar tarkibida deyarli uchratmaymiz. Bu hol matba ishi, umuman, ish jarayonida ko‘p muammolarni yuzaga keltiradi” qabilidagi tushuntirish O‘zbekiston deya atalmish har jihatdan kuchli davlat va millatga yarashmaydi. Ha, ha, aynan kuchli! Negaki hozirgi qiyinchiliklar o‘tkinchigina emas, balki davlat va millatimizni kuchli qilish yo‘lida bosib o‘tishimiz, ortda qoldirishimiz, asrlar ichra dunyoqarashimiz, bilimimiz va fe’l-atvorimizga kishanlik qilayotgan nuqsonlardan qutilish yo‘lidagi tabiiy va ongli zaruriyatlardir. Mustaqil turmushimizning 2016 yil kuzida boshlangan yangi sifat bosqichida qo‘yilgan har bir qadamimiz aslida bizni kuchli qilib borayotgani, bu keng va tor, murakkab dunyoda, nihoyat, o‘z o‘rnimizni chindan va qattiq egallashimizga yo‘naltirilganiga bizda shubha yo‘q. Qolaversa, muammo va xatolarni ochiq-oydin aytishga qodirlik, ularni bartaraf etish yo‘llarini bilishlik, qanday qiyin bo‘lmasin, faqat olg‘a bosish kuchli shaxslar va millatga xos tengsiz fazilatdir!

“Kasal” tilimizga mukammal lotin alifbomizdan to‘n bichib, bu yog‘iga yana karnay-surnaylar tovushi ostida ketaveramizmi?” so‘rog‘ini bejiz qaytarmadik. Mohiyat e’tibori bilan aytganda, til bilan bog‘liq asosiy muammomiz lotin yoki kirilda emas! Farzandlarimizning bir bet narsani eplab yozolmaslik darajasiga tushib qolganlarida! Gapiramiz desak, gap – ko‘p. Mavzuga tegishli bittasiga e’tibor qaratamiz. Agar bolalarimizni qo‘lda yozish, ya’ni o‘zini qiynash, ter to‘kishni o‘rgatmas ekanmiz, til savodsizligini yo‘qotolmaymiz. Lotin alifbosidagi muammolarni yechishga aynan shu nuqtai nazardan ham yondashish eng to‘g‘ri va oqilona bo‘ladi, deb ishonamiz. Shu o‘rinda, Ō va Ḡ qo‘lda yozish uchun eng qulaydir, deb ishonamiz. Matba va boshqa yo‘nalishlardagi ishlarga kelsak, axborot-texnologiyalari asrida bu “karnaychidan puf” degandek gap.

Ch va Sh harfiy birikmalari bilan bog‘liq muammolarni Ernest Hemingueyning «Alvido, qurol!»i va ingliz tili orqali asoslashni, to‘g‘risi, tushunmadik. Mazkur solishtirish muammo yechimini izlashda til egalariga yengilllik va qulaylik tug‘dirishdan ko‘ra, qanday qilib bo‘lsa ham Ch va Sh lardan qutulish mayli ustunlik qilganini isbotlaydi, deya yurtdoshlarimizdan oldindan kechirim so‘rab qo‘yamiz. Qisqasi, bu ikki belgidan voz kechishga biz ham tarafdormiz. O‘rniga C̄ va S̄ ni taklif etamiz. Shunda, Ō va Ḡ lardagidek, bir xillikka erishamiz, eng muhimi, qo‘lyozma matnlarda har to‘rt harfni, aslida esa to‘rt tovush ko‘rinishi – belgisini saqlab qolishni kafolatlaymiz. Teskari holda, ko‘pchilik ustki va ostki tirnoqlarni yo tushirib qoldiradi, yo umuman qo‘ymaydi. Buni turk lotin alifbosida bitilgan matnlarda yaqqol ko‘rish mumkin.

NG tovushini ko‘rsatuvchi birikmadan voz kechish bo‘yich taklifini qo‘llaymiz, lekin S va S bo‘yicha asoslar hech bir quyushqonga sig‘maydi, deb o‘ylaymiz. Masalan, “Soy”ni kirilchada “So‘y” deb yozolmaganimiz-ku mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Nega endi lotinchada “Sōy” deb yozmasligimiz kerak. So‘ymoq fe’lining o‘zagiga o‘xshasa, nima qilibdi? “Mini so‘yish korxonasi” deb yozib yotibmiz-ku. Mana shunisi uyatliroq emasmi aslida? “Siskaridze”ni qanday yozamiz endi, deb o‘tirsak, o‘zimizni yerga urish bo‘lmaydimi. O‘zbek davlatining boshkenti, xudo xohlasa, Sharq darvozasi nomiga erishgur Toshkent gurjichasiga ტაშკენტი yozilib, “Tashkenti” o‘qilishidan xabarlaringiz bormi? Nega Toshkent deb yozmaysizlar, oxiridagi “i”ga nima bor, deb, hech bo‘lmasa, yasama do‘q qiladigan botir topiladimi? Topilganda ham, og‘ayni, axir bu gurji tili, buyuk Rustaveliy tili, sen o‘zingcha yoz, men o‘zimcha, javobini bersa, haq bo‘ladi. Balki adashayotgandirmiz, iloyim shunday bo‘lsin ham: hamma balo “sex”ning lotinchasida! Bunga ishorani xulosa so‘nggidagi “imlo tuzatilmas ekan, reklama va ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlarga talab qo‘yib bo‘lmaydi” bahonasi tagidagi kosacha ichidagidan ham ilg‘ash mumkin. Avvalo, tashqi yozuvlar bo‘yicha shu kunlardagi bosh muammo ularning davlat tilining kirilchasida emasligida! Oldin shuni eplab turaylik, lotinchasi ham bir gap bo‘lar. Butun alifbomizni bitta “sex”chalik qadri yo‘qmi? O‘rniga shu so‘zdan voz kechaylik – vassalom! Hamma ayb o‘zimizda! Ibn Sinoni g‘arbliklar o‘z tillari xususiyatidan kelib chiqib “Avicenna” tarzida yozadilar, xuddi shu yo‘lni tutgan ruslar esa “Avisenna” deydilar. Birinchilari “s”, ikkinchisi “s (ts)” orqali o‘qiydilar. Biz esa kezi kelganda “Avisenna” qabilida o‘qish yoki yozishdan or qilmaymiz. O‘z “s”imizni “s”ga arzon-garovga sotamiz. Holbuki, bizda “ts” tovushi yo‘q-ku! Endilikda rosa urfga kirgan “imij”ning asli (?) “imidj”dan kelib chiqib, “dj” tovushiga mos biron belgini ham bir yo‘la kiritib keta qolaylik. Nima qilamiz ikki marta ovora bo‘lib?

O‘zbek tili juda uzoq va og‘ir yo‘lni bosib o‘tgan. Ming yillar ichida mana endigina alifbo va davlat tili masalasi rosmana chig‘iriqdan o‘tmoqda. Eng muhimi, bu ish uning egasi – millatimiz qatnashuvi va nazoratida kechmoqda. Tushungan odam uchun eng katta yutug‘imiz ham aslida shu bilan o‘lchanadi. Ushbu muqaddas va savobli, ming yillarga tatigulik vazifani oqilona bajarishda shoshma-shosharlik, yengil-elpilikka berilmasdan, yetti ming marta o‘lchab, bir marta uzil-kesil kesishimiz kerakligiga qattiq ishonamiz”, deydi Azamat Ziyo.

Kiritildi: 13:28 23.05.2019. O'qildi: 2319 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!