Superliganing 4-turida ham “Neftchi” g‘olibona yurishini davom ettiryapti. Bu safar Farg‘onada “Lokomotiv”ga qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda maydon egalari 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yindan keyin “Neftchi” ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Ramazon hayit bayrami bilan va Navro‘z bayrami bilan ham tabriklayman. O‘yin yuqori shiddatda o‘tdi, bu oldindan ma’lum edi. Odatda jamoa qandaydir sovrinni qo‘lga kiritganidan keyingi uchrashuv juda og‘ir bo‘ladi. Eng qiyin narsa – bu emosiyalardan keyin tiklanishi. Bu uchrashuvda ushbu holat o‘z so‘zini aytdi. Jamoa og‘ir o‘yin o‘tkazdi. Biroq “Lokomotiv”ni ham alohida e’tirof etish kerak. Klub bejizga yuqori o‘rinlarda ketmayapti. Ajoyib o‘yin o‘tkazishdi. Bellashuv stadionga kelgan muxlislarga manzur bo‘ldi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga stadionda bizni qo‘llagan barcha ishqibozlarimizga minnatdorchiligimni bildiraman.
- 4 ta o‘yinda 1 ta gol o‘tkazib yuborildi. Kam gol o‘tkazish – bu taktika bilan bog‘liqmi yoki darvozabonlar zo‘r ishlayaptimi?
- Ikkalasiga ham bog‘liq. O‘tkazilgan bitta gol ham penaltidan bo‘ldi, o‘yin holatidan emas. Bizga og‘ir ta’sir qildi. Sababi, bu narsani uzoqroqqa olib bormoqchi edik. Bu qachondir bo‘lishi kerak edi, bugun sodir bo‘ldi. Maqsadimiz, himoyamizni raqib darvozasi oldida qurish. Ko‘proq pressing va ko‘proq oldinda harakatlanganimizning hisobiga darvozamiz oldida xavf kamroq bo‘lyapti. Ha, himoyachilar ham yuqori saviyada harakat qilishyapti. Ayniqsa, jamoa sardori va uning yonidagi futbolchilar a’lo darajada harakat qilishyapti. Jamoa himoyada ham zichlikni hosil qila olyapti. Shuning uchun oldinda ko‘proq gollar uryapmiz va himoyada kamroq o‘tkazyapmiz.
- Asosiy tarkibda amalga oshirilgan rotasiya o‘zini qanchalik oqladi?
- Rotasiya 100 foiz o‘zini oqladi, deb ayta olaman. Birinchi taymda ham golgacha ajoyib o‘yin o‘tkazdik. Faqat goldan so‘ng jamoa ozgina bo‘shashdi. Istaymizmi-yo‘qmi, raqib ham maydonda futbol o‘ynadi. Ular ham yaxshi harakat qilishdi. Birinchi taymda to‘p surgan futbolchilarni asosiy vazifasi ko‘proq bosim uyushtirib, raqibni imkoniyatlarini pasaytirish, ikkinchi taymni 60-daqiqasidan keyin ustunlikni qo‘lga olishimiz uchun birinchi taymda harakat qilgan o‘yinchilarni o‘rni katta bo‘ldi.