Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Islom inson aqlini muhofaza qilishga buyuradi

Islom inson aqlini muhofaza qilishga buyuradi

Arab tilidagi «aql» so‘zi aslida tuyani ketib qolishdan man qilib turish uchun bog‘lab qo‘yish degan ma’noni bildiruvchi so‘zdir. Aql ham o‘z egasini zararli narsalardan man qilib, ushlab turadi.

Aqlning ta’rifi turlicha ifoda etiladi:

Birinchisi: «Aql – narsalarning haqiqatini idrok qilish bo‘lib, ilmning suratidan iborat bo‘ladi».

Ikkinchisi: «Aql – ilmlarni idrok etuvchi bilimdir».

Uchinchisi: «Aql – ilmni qabul qilish uchun tayyorlangan quvvatdir».

To‘rtinchisi: «Aql – Alloh taolo insonga ato qilgan quvvat va tabiiy his bo‘lib, u ila inson nazariy ishlarni idrok qiladi va hayvondan ajralib turadi».

Beshinchisi: «Aql – qalb yoki miyadagi ruhoniy nur bo‘lib, uning vositasida zaruriy ilmlar idrok etiladi».

Oltinchisi: «Aql – uchragan narsani tushunib olish qobiliyati».

Qur’on barcha ishlarda aqlni ishlatishga chaqiradi, aqlni ishlatmaganlarni qattiq tanqid qiladi. Qur’oni Karimda aqlga taalluqli so‘zlar 50 marta ishlatilgan. «Aql egalari» so‘z birikmasi esa 10 martadan ko‘proq kelgan. Shuning o‘zi ham Qur’on aqlga katta e’tibor berganining dalilidir. Qur’on aqlning ulkan ne’mat ekanini bayon qiladi. Alloh taolo Ra’d surasida shunday deb marhamat qiladi:

«Albatta, bunda aql yurituvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir» (4-oyat).

Boshqa oyatlarda esa aqlni ishlatmaganlarni ayblaydi. Alloh taolo Anfol surasida shunday deydi:

«ýAlbatta, Allohning huzurida jonzotlarning eng yomoni – karu soqov bo‘lib, aql yuritmaydiganlardir» (22-oyat).

Alloh taolo Furqon surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Yoki ularning ko‘plari tinglay olurlar yo aql yurita olurlar, deb hisoblaysanmi? Ular chorva kabidirlar, xolos. Balki ular yana ham yo‘ldan adashganroqdirlar» (44-oyat).

Boshqa bir oyatda aqlni ishlatmaslik oxirat azobiga sabab bo‘lishini eslatadi.

Alloh taolo Mulk surasida marhamat qiladi:

«Va derlar: «Agar quloq osganimizda yoki aql yuritganimizda edi, do‘zaxiylar orasida bo‘lmagan bo‘lar edik» (10-oyat).

Ushbu oyatlarning barchasi Islomda aqlning naqadar ulkan baholanishini ko‘rsatadi.

Aql ulug‘ ne’mat bo‘lib, insonni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan va insondagi eng qimmatli bo‘lgan xossadir.

Aql Alloh taoloning insonga bergan son-sanoqsiz ne’matlari ichida eng ulug‘idir.

Aql ila inson Robbini taniydi, o‘ziga foydani jalb qilib, zararni daf qiladi.

Aql sababli inson barcha mavjudotlardan aziz, mukarram va afzal qilingandir.

Aqli bo‘lmasa, insonning Alloh taolo yaratgan boshqa hayvonlardan farqi qolmaydi.

Aql sababli insonga shar’iy takliflar yuklatilgandir. Shuning uchun ham shariatda aqlsiz, esi past odam va yosh bola kabi aqli to‘liq bo‘lmagan shaxslarga alohida hukmlar joriy qilingan.

Aql jism va jonga bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun ham Islom hayotni muhofaza qilish borasidagi choralarni aqlni muhofaza qilish borasidagi choralar deb ko‘rgan holatlar mavjud.

Ulamolarimiz shariatda aqlning muhofazasi uchun ko‘rilgan choralardan, jumladan, quyidagilarni zikr qilganlar:

1. Islom shariati aqlni muhofaza qilish maqsadida aqlga zarar yetkazadigan, uni zaiflashtiradigan xamr va giyohvand moddalar kabi narsalarni harom qilgan.

Alloh taolo Moida surasida shunday deb marhamat qiladi:

«Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar shayton ishidan bo‘lmish ifloslikdir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, zafar topsangiz» (90-oyat).

Arab tilida «xamr» so‘zi «to‘sish», «berkitish» degan ma’nolarni anglatadi. Tanovul qilgan kishining hushiga ta’sir etadigan, uning aqlini to‘sadigan, berkitadigan, boshqacha qilib aytganda, mast qiladigan har bir narsa xamr deyiladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir», deyilgan.

Alloh taolo ushbu oyatda xamr tanovul qilish va qimor o‘ynash kabi amaliy gunohlarni butga cho‘qinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan ma’naviy jinoyatlarga tenglashtirmoqda.

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar».

Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifga binoan, iste’mol qilganda aqlni, tanani, a’zolarni, asabni va boshqa joylarni bo‘shashtiruvchi har qanday narsa harom bo‘ldi. Xuddi mana shu hadisi sharifda aytilayotgan «bo‘shashtiruvchi»lik sifati ajnabiy tillarda «narkotik» deb nomlanayotgan giyohvandlik moddalarining alohida vasfidir.

2. Islom shariati aqlni muhofaza qilish maqsadida aqlga zarar yetkazadigan, uni zaiflashtiradigan xamr va giyohvand moddalar kabi narsalarni iste’mol qilganlarga jazo belgilagan.

Imom Abu Dovud Ibn Abu Arubadan qilgan  rivoyatda shunday deyiladi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga xamr ichib olgan kishi keltirildi, uni ikki xurmo shoxi bilan qirq martacha darra urdirdilar».

3. Islom shariati aqlni muhofaza qilish maqsadida aqlni o‘stirishni farz qilgan.

Buning uchun Alloh taolo barchaga ilm talab qilishni farz qildi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Ilm talab qilish har bir muslimga farzdir», – dedilar».

Tobaroniy rivoyat qilgan.

4. Islom shariati aqlni muhofaza qilish maqsadida aqlni ulug‘ladi va aql egalarining hurmatini ziyoda qildi.

Alloh taolo Zumar surasida shunday deb marhamat qiladi:

«...Bas, bir bandalarimga xushxabar berki... ular gapni eshitib, eng go‘zaliga ergasharlar. Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o‘shalar, ha, o‘shalar aql egalaridir» (17–18-oyatlar).

5. Islom shariati aqlni muhofaza qilish maqsadida aqlni xurofot, zararli xayol va fikrlardan ozod etdi.

Bu haqiqatni yuzaga chiqarish uchun shariatda sehrgarlik, folbinlik, azoyimxonlik kabilar harom qilindi.

Sehrni halol deb e’tiqod qilgan kishi kofir bo‘lishiga hamma fuqaholar ittifoq qilganlar.

Hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhablari fuqaholari «Sehrni o‘rganish harom va kufrdir», deganlar.

Mo‘minlarning onalari roziyallohu anhunnaning birlaridan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Kim arrofga kelib, undan biror narsa haqida so‘rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo‘lmas»,– dedilar».

Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar.

Ahmadning lafzida:

«Kim arrofga yoki kohinga kelib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi», – deyilgan.

«Arrof» deb g‘ayb ilmini da’vo qiladigan munajjimga aytiladi.

Shuningdek, Islomda g‘aybiy – metafizik narsalarda aqlni behuda ovora qilmaslikka chaqirilgan va bunday noto‘g‘ri ishni qilib, aqlga zarar yetkazadiganlar qattiq qoralangan.

Alloh taolo G‘ofir surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Albatta, Allohning oyatlari haqida o‘zlariga kelgan hujjat – dalilsiz talashib-tortishadiganlarning dillarida kibrdan o‘zga narsa yo‘q. Ular bunga yetishguvchi emaslar. Bas, Allohdan panoh so‘ra. Albatta, Uning O‘zi Samiy’dir, Basiyrdir» (56-oyat).

Bu oliyjanob maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun shariat yana bir qancha hukmlarni joriy qilgan. Biz yuqorida zikr qilinganlari bilan kifoyalanamiz.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:45 15.08.2019. O'qildi: 5529 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!