Bugun 26 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

Islom akademiyasida qiz talabalarga ro‘molni bo‘yin orqasidan o‘rab kelishga (norasmiy) ruxsat berildi

A A A
Islom akademiyasida qiz talabalarga ro‘molni bo‘yin orqasidan o‘rab kelishga (norasmiy) ruxsat berildi

2 apreldan boshlab Xalqaro islom akademiyasi va uning qoshidagi liseyda tahsil oluvchi qiz talabalarga adras ro‘molni bo‘yin orqasidan o‘rab kelishga (norasmiy) ruxsat berildi , deb xabar beradi BBC O‘zbek xizmati. Akademiya o‘z veb-saytidan ro‘mol munosabati bilan sovet propagandasi usulida yozilgan 7 ta maqolani ham olib tashlagan.

Bugun qizim liseyga borganida ro‘molni o‘zbekona qilib, bo‘yin orqasidan o‘rab kiraveringlar deb ruxsat berishibdi. Akademiyada ham shunday qilishibdi. Bir kun oldin ham ro‘molga umuman ruxsat yo‘q edi. Shanba kuni akademiyaga borganimda qizlar parik taqib o‘qishga kirayotgan edi , deya iqtibos keltiradi BBC Uzbek talaba qizlardan birining otasining so‘zlarini.

Bir necha BBC manbasining aytishicha, 1 aprel kuni akademiya rektori Shuhrat Yovqochev ma’muriyatni to‘plab majlis qilgan. Unda ro‘molni o‘zbekona qilib o‘rashga ruxsat masalasi muhokama qilingan.

Xalqaro islom akademiyasi va ro‘mol masalasining tarixi: Xalqaro islom akademiyasi 2018 yilning sentyabridan forma talablari deb ro‘mol o‘ragan talaba qizlarni o‘qishga qo‘ymay boshlagan. Aksariyat qizlar yo ro‘molini yechgan, yo boshiga parik soch taqishga majbur bo‘lgan. Davlat byudjeti asosida o‘qishga qabul qilingan Luiza Mo‘minjonova kabi ba’zi qizlar bunga rozi bo‘lmagach, ro‘mol bilan o‘qishga qo‘yilmaydi. Natijada 140 soatdan ko‘p dars qoldirgan degan sabab bilan o‘qishdan haydalgan.

Luiza Mo‘minjonova va Islom akademiyasi qoshidagi liseyning yana bir talabasi Islom akademiyasini diniy e’tiqodga qarshilik qilgani uchun mahkamaga bergan. Hozircha ular tuman va Toshkent shahar sudlarida yutqazib, Oliy sudga apellyasiya shikoyatini kiritgan.

Akademiya o‘z hududida ro‘molga ruxsat bermaslikda qonunga asoslanganini iddao qiladi. Da’vogarlar ularning vijdon, e’tiqod erkinligi cheklanayotganini aytmoqdalar.

Sudlashish jarayonida Islom akademiyasi o‘z veb saytida sud munosabati bilan 3 kunda sovet propagandasi usulida yozilgan 6 ta maqola chop etadi (birinchisi, ikkinchisi, uchinchisi, to‘rtinchisi, beshinchisi, va nihoyat, oltinchisi (VPN) uslub jihatidan nihoyatda qiziqarli munosabat bo‘lgan, o‘qishni tavsiya qilamiz).

Hijob atrofidagi bahslar nega muhim: islom olami oldida turgan tahdid va muammolar o‘zbeklar mustaqil bo‘lishi bilan jamiyat hayotiga yana shiddat-la qaytdi. Barcha musulmon mamlakatlari bu tahdidlarga o‘z tarixiy sharoit va imkoniyati, intellektual salohiyatidan kelib chiqib javob berayapti.

Mana shunday muammolardan biri bir yurtda ikki jamiyat ziddiyati, ya’ni jamiyat dunyoviylar va dindorlar qatlamiga bo‘linib qolayotganidir. Bu bo‘linish, o‘z navbatida, dinning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Hozircha bu muammolar nisbatan beziyon masalalar Navro‘z yoki Yangi yil bayramini nishonlash, ayollar kiyimi (hijobi yoki mini yubkasi), erkaklar soqoli ustida borayapti. Ammo shu beziyon tortishuvlar erta bir kun jiddiyroq qiyofa kasb etmasligiga kim kafolat bera oladi? Tomonlar bir-birini ayblashga o‘tsa, muammo yanada chuqurlashmaydimi? Demak, vaziyat taranglashishining oldini olish uchun o‘zaro tushunishga asoslangan muloqot va murosa lozim.

Jamiyatimiz uchun dolzarb masalaga aylanayotgan bunday murosa va muloqotning yuzaga kelishi ikki tomonga ham birdek bog‘liq. Dunyoviy elita bu boradagi siyosatni sekulyarizmning yangi, inklyuziv (barchani qamrab oluvchi, ochiq) prinsiplari asosida qayta ko‘rib chiqishi, dindorlar (xususan, dindor ziyolilar) esa, islom dinining inklyuziv va plyuralistik talqini ustida ishlashi zarur.

Manba: minbar.uz

Kiritildi: 16:57 02.04.2019. O'qildi: 17580 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!