Bugun 31 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Islandiya to‘liq 4 kunlik ish haftasiga o‘tdi

Islandiya to‘liq 4 kunlik ish haftasiga o‘tdi

Islandiyada 4 kunlik ish haftasiga o‘tish orqali erishilgan natijalar butun dunyoda ish rejimiga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartiryapti. Bu mamlakatda 2015—2019 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan keng miqyosli tadqiqotlar 4 kunlik ish haftasi nafaqat xodimlar salomatligi va baxtiyorligi, balki umumiy ish samaradorligini ham oshirishini ko‘rsatdi. Bugungi kunda mamlakat aholisining 51 foizi shu formatda faoliyat yurityapti va bu ularning turmush sifatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti.

4 kunlik ish haftasiga o‘tish faqatgina Islandiyada emas, balki boshqa ko‘plab davlatlarda ham sinovdan o‘tkazilgan. Misol uchun, Ispaniyada ham hukumat ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, 2021 yilda to‘rt kunlik ish haftasi bo‘yicha pilot loyihani yo‘lga qo‘ydi. Bu dastur orqali xodimlarga maoshlari saqlanib, 4 kunlik ish grafigi joriy qilindi.

Loyihaga ko‘ra, ish vaqtlarining qisqarishi ijobiy natijalarga olib kelgan va bu format ishchilarning salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, Ispaniyaning bir qator kompaniyalari ish samaradorligini oshirish uchun ushbu rejani qo‘llayapti.

Yaponiyada ham ish rejimiga nisbatan o‘zgarishlar kiritilyapti. Bu mamlakatda Google kabi yirik kompaniyalar xodimlarining baxtiyorligiga e’tibor qaratishyapti. Microsoft Yaponiya esa 2019 yilda to‘rt kunlik ish haftasini sinovdan o‘tkazib, xodimlar samaradorligida 40 foizgacha oshish kuzatdi. Bu natija Yaponiya kabi ish vaqti uzun bo‘lgan davlatlarda 4 kunlik ish haftasi haqida jiddiy o‘ylash zarurligini ko‘rsatadi.

Buyuk Britaniyada esa bir qator yirik kompaniyalar o‘z xodimlari uchun 4 kunlik ish haftasi tajribasini joriy qilyapti. Tadqiqotlar Britaniyada ham shunga o‘xshash natijalarni ko‘rsatyaptm: ishchilarning salomatligi yaxshilangan, stress darajasi pasaygan, ish samaradorligi esa aksincha oshgan.

Bu formatni amalga oshirish, albatta, o‘ziga xos muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, masalan, yuqori darajadagi xizmat talab qilinadigan sohalarda ish vaqtini qisqartirish ba’zi logistik muammolarni keltirishi mumkin. Shunga qaramay, ko‘plab davlatlar 4 kunlik ish haftasiga o‘tishni qo‘llab-quvvatlamoqda va bu jarayon ijtimoiy va iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Kiritildi: Bugun 14:59. O'qildi: 322 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!