«Meerim» («Mehr-shafqat») gumanitar missiyasi doirasida bugun Qirg‘izistonning 79 nafar fuqarosi - bolalar Iroqdan o‘z vataniga qaytarildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
«Kabar» davlat agentligining xabar berishicha, bolalarni vatanga qaytarish Qirg‘iziston rahbariyatining siyosiy irodasi va mamlakatning tashqi ishlar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish idoralari, huquqni muhofaza qilish mahkamalari, mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi, shuningdek, BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ko‘magida amalga oshirildi.
"Bolalarni olib kelish Iroqda qolgan onalarning roziligi va ularning Qirg‘izistondagi qarindoshlarining bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish istagi bilan amalga oshirildi", deyiladi manbada.
«Kabar»ning ta’kidlashicha, respublika hukumati vatanga qaytarilgan bolalarga har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Ularning tezroq reabilitasiya qilinishi, integrasiyalashuvi, xavfsiz va tinch hayotga qaytishini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.