Iroq Hurmuz bo‘g‘ozidagi xavflar ortib borayotgani sharoitida neft eksport qilish uchun Suriya orqali yangi quruqlik yo‘nalishini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bag‘dod bu orqali Fors ko‘rfaziga qaramlikni kamaytirishni maqsad qilgan.
Iroq neft sohasi eksperti Osim Jihodning ma’lum qilishicha, mamlakat Neft vazirligi Turkiyaning Jayhon porti orqali eksport hajmini hozirgi kuniga 150–200 ming barreldan 300 ming barrelgacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Bag‘dod har kuni 50 ming barrelgacha Basra neftini avtosisternalar orqali Suriyaning Baniyas portiga yetkazib, u yerdan eksport qilishni ham ko‘zlamoqda.
Jihodning ta’kidlashicha, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishning to‘xtab qolishi Iroqqa kuniga taxminan 3,5 million barrel neft eksportiga teng zarar yetkazmoqda. Uning aytishicha, mamlakat og‘ir neft zaxiralarini eksport qilishi zarur, aks holda bu neftni qayta ishlash zavodlariga ortiqcha yuklama berib, ularning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
«Eko-Iroq Observatoriyasi» tashkiloti prezidenti Ali Naji esa Suriya orqali eksportni qayta yo‘lga qo‘yish Iroq uchun qo‘shimcha eksport yo‘nalishini yaratishi va Fors ko‘rfaziga qaramlikni kamaytirishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u loyiha bir qator muammolarga duch kelayotganini ham qayd etdi. Jumladan, neftni avtosisternalarda tashish xarajatlarining yuqoriligi, bunday tashish hajmining cheklangani hamda quruqlik yo‘nalishlarida xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotgani asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatildi.