Bugun 31 iyul, 2026 yil, juma

КИР

Iroq AQSh va Saudiya Arabistoni ustidan sudga murojaat qiladi

Iroq AQSh va Saudiya Arabistoni ustidan sudga murojaat qiladi

Bag‘dod mamlakat hududiga berilgan zarbalardan so‘ng sud da’volarini tayyorlashni boshladi. Eronga yaqin qurolli tuzilmalar esa hukumat chora ko‘rmasa, javob hujumlari bilan tahdid qildi.

Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaidi mamlakat hududiga berilgan zarbalardan keyin Tashqi ishlar vazirligiga AQSh va Saudiya Arabistoniga qarshi huquqiy jarayonlarni boshlashni topshirdi. Iroq harbiy idorasi ma’lumotiga ko‘ra, tegishli qaror Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, barcha harakatlar xalqaro huquq va BMT Nizomi doirasida amalga oshirilishi belgilangan.

AQSh va Saudiya Arabistonining zarbalari Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli tuzilmalar tomonidan Amerika kuchlari hamda Saudiyaning neft infratuzilmasiga qilingan hujumlardan so‘ng Iroqning shimoli va janubidagi bir nechta hududga berilgan. «Hashd ash-Shaabiy» ma’lumotiga ko‘ra, ushbu zarbalar oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan, yana 32 kishi jarohat olgan.

Eronga yaqin qurolli guruhlarni birlashtiruvchi «Iroq qarshiligi» AQShni «Hashd ash-Shaabiy» jangchilari va Karbaloga ketayotgan ziyoratchilar kolonnasiga hamrohlik qilgan karvonga zarba berishda aybladi. Tashkilot, shuningdek, Saudiya Arabistonini AQShning ittifoqchisi sifatida harakat qilganini ta’kidladi.

Guruh Iroq hukumatiga 7 avgustgacha munosabat bildirish uchun muddat berdi. Agar rasmiylar chora ko‘rmasa, tashkilot mustaqil ravishda harakat qilishini va AQShga qarshi ehtimoliy javob zarbalari Saudiya Arabistoni hududidagi ob’ektlarga ham ta’sir qilishi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, ular yaqinlashayotgan Arbain ziyoratiga to‘sqinlik qilish niyati yo‘qligini ta’kidladi.

Iroq parlamenti spikeri Haybat al-Halbusiy AQSh va Saudiya Arabistonining zarbalarini qoralab, hukumatni voqea yuzasidan har tomonlama tergov o‘tkazishga hamda mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha diplomatik va huquqiy choralarni ko‘rishga chaqirdi. Shu bilan birga, u Iroq hududidan qo‘shni davlatlarga hujum uyushtirishda foydalangan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishni talab qildi.

Kiritildi: 21:25 30.07.2026. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!