Xalqaro jinoyat polisiyasi tashkiloti (Interpol) saytida o‘zbekistonlik tadbirkor va Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov nomiga chiqarilgan «qizil bildirishnomasi» (Red Notice) endi ko‘rinmayapti.
Xalqaro qidiruv haqidagi xabarnoma sentyabr oxirida e’lon qilingan edi. Kartochkada Olimov 1977 yil 7 mayda Andijon viloyatida tug‘ilgani, O‘zbekiston fuqarosi ekani hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi ko‘rsatilgan edi.
Shu bilan birga, kartochkada tadbirkorni xalqaro qidiruvga berish bo‘yicha so‘rovni qaysi davlat yuborgani ma’lum qilinmagandi.
Dastlab ommaviy xabarnomada ayblov haqidagi ma’lumotlar mavjud emasdi. Keyinchalik unda jinoyat kategoriyasi: «Odam o‘g‘rilash, tuhmat qilish, noqonuniy ushlab turish yoki hibsga olish» paydo bo‘ldi.
Xabarnomaning Interpol saytidan yo‘qolib qolishi sabablari noma’lum.
Interpol saytida qayd etilishicha, «qizil bildirishnoma»larning aksariyati faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun ochiq bo‘ladi, ommaviy bazada esa ular tegishli davlatning so‘roviga ko‘ra e’lon qilinadi. Shu sababli, kartochkaning saytdan yo‘qolishining o‘zi bilangina tadbirkorga nisbatan xalqaro qidiruv to‘xtatilgani yoki to‘xtatilmaganini aniqlab bo‘lmaydi.
«Interpolning qizil bildirishnomasi» (Red Notice) — bu shaxsni qidirish va ushlab turish bo‘yicha xalqaro so‘rov. Mamlakat boshqa davlatlardan shaxsni keyinchalik ekstradisiya qilish masalasini hal etish uchun uni topish va vaqtincha ushlab turishni so‘raydi.