So‘nggi haftalarda matbuot "Santos" hujumchisi Neymarning «Inter Mayami»ga o‘tishi mumkinligi haqida yozib kelayotgan edi.
Lionel Messi va Neymarning yana bir jamoada birlashishi haqidagi gap-so‘zlar Jordi Alba va Serxio Buskets futbolni tark etishlarini e’lon qilganidan keyin yanada kuchaydi.
Biroq Ispaniyaning Sport nashri yozishicha, Neymar «Inter Mayami» tarkibini to‘ldirmaydi. Klubda braziliyalikni olish katta marketing samarasi bergan bo‘lishini tan olishadi. Lekin sport direktori Kris Xenderson va murabbiy Xavyer Maskerano boshqacha fikrlaydi. Ularning 2026 yil uchun asosiy maqsadlari — himoyani kuchaytirish va yuqori darajadagi markaziy hujumchini olish. Neymarga bo‘lgan qiziqish bekor qilindi.
Neymar 33 yoshda. Uning «Santos» bilan amaldagi shartnomasi dekabr oyining oxirigacha amal qiladi. Braziliyalik o‘yinchi kamida jahon chempionatigacha o‘z vatanidagi klubda qolishni istamoqda.