Nashrning yozishicha, Rossiya Federasiyasi kelishuv doirasida 16 kishini G‘arb davlatlariga topshiradi. Bular siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, Navalniyning sobiq shtabi boshliqlari Liliya Chanisheva va Kseniya Fadeeva, jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, rassom Sasha Skochilenko, shuningdek, Andrey Pivovarov, Vadim Ostanin, Kevin Lek, Pol Uilan, Oleg Orlov, Demuri Voronin, Patrik Shyobel va Hermann Moyjes hamda Belarusda o‘lim jazosidan avf etilgan Riko Kriger.
Buning evaziga G‘arbning turli davlatlarida sudlangan sakkiz kishi Rossiya Federasiyasiga topshiriladi. Bular Rossiya maxsus xizmatlarida ishlaganini tan olgan va Sloveniyada sudlangan Dulsevlar juftligi, Chechenistonning sobiq dala qo‘mondoni Zelimxan Xangoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Vadim Krasikov, Polshada qamoqda saqlanayotgan Pavel Rubsov, Norvegiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan Mixail Mikushin, shuningdek, AQShda jazoga hukm qilingan uch kishi - Roman Seleznev, Vladislav Klyushin va Vadim Konoshenok.
Shuningdek, Anqaradagi mahbuslar almashinuvida ikki nafar bola ishtirok etmoqda, deb xabar berdi NTV. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular rus josuslarining farzandlari bo‘lishi mumkin.