Bugun 21 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

A A A
Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Kecha, 15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat Kengashining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu Kengashning 2023-2024 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarini muhokama qilish va Kengash doirasida tashkil etilgan ishchi guruhlarning yangi loyihalarini shakllantirish, xususan mamlakatimizning Sun’iy intellekt bo‘yicha Etika kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhni va uning rejalarini muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari sun’iy intellekt sohasida muvaffaqiyatli natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy startaplar egalarining ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirni Kengash raisi, Innovasion rivojlanish vaziri maslahatchisi Bobur Raximov ochib berdi. Tadbirda mazkur Maslahat kengashiga a’zo bo‘lgan Rossiya, Eron, Hindiston va Tojikistondan xalqaro ekspertlar qatnashdi. Kun yakunida maslahat kengashi doirasida ishchi guruhlar va ularning sun’iy intellekt bo‘yicha loyihalari kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Jumladan, ta’lim sohasida, turizm va kreativ industriyalar va iqtisodiyot tarmoqlarining turli sohalarida loyihalar. Sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha etika kodeksini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Kengashning asosiy vazifalariga O‘zbekiston Respublikasida sun’iy intellekt bilan bog‘liq barcha faoliyat yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash, individual loyihalar ishlab chiqish, istiqbolli tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish hamda sun’iy intellektdan ongli va inson qadriyatlariga mos tarzda foydalanish kiradi. Inson kapitali va salohiyatidan unumli foydalanish, texnologiyalarni hayotga tatbiq etish va mamlakatning umumiy IT infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga kompleks yondashuv O‘zbekiston Respublikasining umumiy iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, shu bilan birga, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kengash o‘z faoliyati doirasida dunyo tajribalarini chuqur o‘rganib, mavjud muammolarni har tomonlama ko‘rib chiqadi. Shu sababli jamiyat va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bilan bog‘liq bilim va ko‘nikma, hayotiy tajriba, g‘oyalarga ega bo‘lgan turli ijtimoiy guruhlardagi insonlarning Kengash muhokama jarayonida ishtirok etishlari juda muhimdir.

Jahon iqtisodiy forumi asoschisi va rahbari Klaus Shvab sun’iy intellektni to‘rtinchi sanoat inqilobining asosiy elementlaridan biri deb atadi. Shu bilan birga, Kengash 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Parijdagi YUNESKO konferensiyasining «Sun’iy intellektning axloqiy jihatlari to‘g‘risida»gi ko‘rsatmalarida aks ettirilgan masalaning ahloqiy tomoni haqida ham atroflicha fikr bildirdi.

Oxford Insigths va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan hamda hukumatlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda fuqarolarning tayyorgarlik darajasini tekshiradigan xalqaro tayyorgarlik indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi bu borada o‘rtacha hisobda past ko‘rsatkichlarga ega. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ma’lumotlar sifati va hajmini baholagan holda, umumiy strategik qarash va inson salohiyatidan foydalanish ko‘rsatkichlari ham past deb topilgan. Aynan Kengashning eng ustuvor vazifasi ushbu muammoni hal qilishdir.

Ma’lumot uchun: 2022 yil avgust oyida Innovasion rivojlanish vazirligi huzurida Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi (Kengash) tashkil etilgan. Joriy yilning oktyabr oyida uning birinchi yig‘ilishi tashkil etildi va unga xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar, yirik sanoat korxonalari, axborot texnologiyalari, xususan sun’iy intellekt sohasidagi startap kompaniyalar vakillari, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan 50 dan ortiq a’zolar qabul qilingan.

Kiritildi: 12:50 16.12.2022. O'qildi: 1494 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!