Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Injilning qaysi nusxasi haqiqiy?

A A A
Injilning qaysi nusxasi haqiqiy?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Biz musulmonlar Alloh taolo Iyso alayhissalomga Injil nozil qilganiga iymon keltiramiz. Busiz iymonimiz butun bo‘lmaydi. Lekin o‘sha ilohiy kitobning o‘zi hozir yo‘q. Iyso alayhissalomdan keyin ba’zi kishilar o‘zlari kitob yozib, mana shu injil, menga vahiy qilindi, men yozib oldim, deb chiqdilar. Asta-sekin ularning soni ko‘payib boraverdi. Ularning har biri o‘zining injili haq ekanini da’vo qilar edi. Orada gap-so‘z, oldi-qochdi ko‘paydi, ixtiloflar kuchaydi.

Shunda, avval aytib o‘tilganidek, imperator Konstantin milodiy 325 sanada Niqiyada (Nicea) katta majlis chaqirdi. Imperator majlis ahli oldiga mavjud injillardan eng ishonchlisini tanlab olish vazifasini qo‘ydi. Ular uzoq tortishuvlardan keyin to‘rt dona injilni tanladilar.

Shu o‘rinda o‘ta muhim bir masalaga to‘xtab o‘tishni lozim topdik. Barcha Injillar ham Alloh taolo tomonidan Iyso alayhissalomga nozil qilingan va Qur’onda zikri kelgan Injil deb hisoblanaverilmaydi. Bu hozirda mavjud bo‘lgan va Injil deya nomlanayotgan kitoblar biz musulmonlarning huzurimizdagi, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini bayon qiluvchi siyrat kitoblar kabi Iyso alayhissalomning hayotlari bayon qilingan, u zotdan keyin yozilgan kitoblardir. Iyso alayhissalomga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Injil hozirda mavjud emas.

«Yahyo qamab qo‘yilgandan so‘ng Iyso Jalilaga qaytdi. U Xudoning Shohligi haqida Xushxabar tarqatdi. «Vaqt-soati keldi, Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi. Tavba qilinglar, Injilga imon keltiringlar!» – deb e’lon qilib yurdi» (Mark1/14-15).

Bu Mark keltirgan jumlalardan ko‘rinib turibdiki, Iyso alayhissalom xalqni Injilga imon keltirishga da’vat qilganlar. Huzurimizdagi mavjud Injillar u zotdan keyin yozila boshlaganini e’tiborga olsak, aynan o‘zlariga Alloh tomonidan nozil qilingan Injilga iymon keltirishga da’vat qilganliklariga amin bo‘lamiz.

Masihiy injilshunos olimlar ham qadimda Iyso alayhissalomga nisbat berilgan Injil bo‘lgan, biroq u Iyso alayhissalomdan keyin ko‘p vaqt o‘tmay yo‘qolgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni oldinga suradilar. Ba’zilari esa o‘sha Injil saqlanib qolgani, to‘rtinchi asrlarda bu injil Cherkov tomonidan apokrif (tan olinmagan) hisoblanib, yo‘q qilishga qaror qilingani va ijro o‘sha paytlardayoq amalga oshirilganini aytishgan.

Hozirda nasorolar e’tiqod va amal qiladigan to‘rt injillar quyidagicha:

Matto injili.

Bu injil eng qadimgi injil hisoblanadi. Bu Injilning yozilgan yili haqida aniq bir to‘xtam yo‘q bo‘lib, turli manbalarda 37 yildan 105 yillargacha bo‘lgan sanalar keltirilgan. U ibroniy tilda yozilgan edi. Ammo o‘sha asl ham yo‘q. Hozir bori o‘shaning tarjimasi. Lekin tarjimon ham, u qaysi matndan tarjima qilgani ham hozirgacha ma’lum emas.

Mark injili.

Bu Injilning yozilgan sanasi 63 yildan 68 yil oralig‘ida deb taxmin qilingan. Yunon tilida yozilgani aniq. Ammo uni kim yozgani noaniq. Ba’zi nasorolar, uni Butrus yozgan, deydilar. Boshqalari esa, uni Butrusning o‘limidan keyin Mark yozgan, deydilar.

Bu injilni nima deyish mumkin? O‘ttiz, o‘ttiz sakkiz yildan so‘ng, Masih alayhissalom gapirmagan tilda yozilgan, kim yozgani aniq emas kitob muqaddas kitob bo‘la oladimi?

Luqo injili.

Bu Injil 53–90 yillar oralig‘ida yozilgan bo‘lishi mumkin. Luqo u zotning shogirdlaridan emas. U Pavlning shogirdi. Uning ustozi ham Iyso alayhissalomni ko‘rgan emas. Buning ustiga Pavl nasorolikka dushman bo‘lgan yahudiylardan ekani, shuning uchun hiyla bilan nasorolikka qarshi ko‘p buzg‘unchiliklar qilgani zikr qilingan.

Yuhanno injili.

Bu Injilning yozilgan sanasi 68 yildan 98 yillar oralig‘i deb taxmin qilingan. Ba’zi nasoro toifalari uni Iyso alayhissalomning shogirdlaridan biri Yuhanno ibn Zabdiy yozgan, deydilar.

Besh yuzta taniqli nasoro olimlari ishtirokida yozilgan Britaniya ensklopediyasi bu kitobni, qalbaki kitob, degan. Izohning hojati bo‘lmasa kerak.

Umuman olganda Injillarning barchasi o‘zi mansub bo‘lgan kishilar tomonidan yozilgani o‘z tasdig‘ini topmagan. Shu bilan birga ular yozilgan sanalar ham. Chunki avval aytib o‘tganimizdek, ularning asl nusxalari yo‘q. Hozirda mavjud Injillar ana o‘sha Injillardan ko‘chirilgan nusxalar deb tahmin qilingan. Bu nushalarning eng qadimiysi esa to‘rtinchi, beshinchi asrlarga tegishli bo‘lib, birorta to‘liq shakldagi kitob yo‘qdir. Balki bir necha parchalardan iborat bo‘lgan shakllardadir.

 Eng ajablanarli tomoni shundaki, Bibliyaning 5366 ta nusxasi bo‘lib, bular ichida bir biriga to‘liq munosib kelgan ikkita nusxa topilmaydi. Tushinarli bo‘lishi uchun misol keltiramiz. Masalan Qur’onni olaylik. Qur’on bir nusxadan iborat. Amerikaga borsangiz ham, Afrikaga borsangiz ham, umuman Yer yuzining qaysi burchagiga borsangiz ham, o‘sha nusxani topasiz. Hamma yerdagi Qur’on bir xil. Bibliya esa 5366 nusxadadir. Demakki, bular ichida qaysidir nusxa haqiqiy Alloh tomonidan tushirilgan muqaddas kitob (agar o‘sha nusxa qolgan bo‘lsa) bo‘lishi, qolgan 5365 nusxa esa qalbaki bo‘lishi kerak. «Qaysi nusxa haqiqiy?», degan savol esa, to Qiyomatgacha javobsiz qolishga mahkumdir.

Injilshunos olimlar shuni ham takidlashadi, birinchi bo‘lib Matto injili emas, balki, Mark injili yozilgan. Qolgan Injillarni yozishda esa aynan shu Injil manba’ bo‘lgan. Chunki, Matto Injili to‘qson bir foiz Mark Injilidan ko‘chirganini, Luqo Injili esa unga deyarli yetmish foiz to‘g‘ri kelishini aytishgan.

Injillarning mualliflari va sanalari turlicha bo‘lganidek, ularning yozishda qo‘llanilgan uslublar ham turlichadir. Nafaqat boshqa boshqa Injillar bir biridan farq qiladi, balki, bir Injilning o‘zida ham bir necha uslubni ko‘rish mumkin. Masalan, Matto injili. Bu Injilni o‘rganib chiqqan olimlar, uni yozishda to‘rt, besh hil uslub qo‘llanilganini aytishgan. Bundan bu Injilni bir kishi, bir zamonda emas, balki to‘rt, besh kishi(agar bundan ko‘p bo‘lmasa) turli zamonlarda yozishgan, degan qarorga kelishgan. Chunki, barcha yozuvchilarning o‘ziga xos uslubi bo‘lib, bir biridan farq qiladi. Yozuvchi yashayotgan zamon ham bunga o‘z tasirini ko‘rsatmay qo‘ymaydi.

Shu bilan birga Injillarda ixtilof, qaramaqarshilik va ziddiyatlar ochiq oydin ko‘zga tashlanadi. Masalan, Matto va Luqo injillari keltirgan Iyso alayhissalomning nasabnomalari. Matto injili Iyso alayhissalomni Ibrohim alayhissalomga 42 nasab bilan bog‘lasa, Luqo injili 57 nasab bilan ulaydi. Eng ajablanarli tomoni shundaki, Matto injili «Ibrohimdan Dovudgacha 14 nasl, Dovuddan Bobil surgunigacha 14 nasl, Bobil surgunidan Iysogacha 14 nasl» deb 42 ta naslni aytsa-da, o‘zi 41ta nasl keltirgan xolos. Ixtilof shu bilan tugab qolmay, balki ular keltirgan kishilarda ham davom etadi. Matto injili Iyso alayhissalomning tutingan otasi Yusufni Yoqubning o‘g‘li, deb takidlasa, Luqo injili Elining o‘g‘li bo‘lgan, deydi. Matto injili Iyso alayhissalomni Dovud alayhissalomga Sulaymon alayhissalom orqali ulagan bir chog‘da, Luqo injili Dovud alayhissalomning boshqa o‘g‘li Essay orqali bog‘laydi. Bu kabi ixtilofni Iyso alayhissalomning tug‘ilishlarida ham ko‘rsak bo‘ladi. Matto injili Iyso alayhissalomni meloddan oldin 5,4 yillarda tug‘ilganlar, desa, Luqo injili miloddan keyingi 6,9 yillarni keltiradi.

Matto injili Iyso alayhissalom tug‘ilganlarida uzoq o‘lkalardan qandaydir munajjimlar kelganligi haqida so‘ylaydi. Luqo injili esa o‘sha yerdagi cho‘ponlar kelganligini gapiradi.

Matto o‘sha paytdagi shoh Hirod Iyso alayhissalomni o‘ldirishni qasd qilgani, shuning uchun yangi tug‘ilgan barcha chaqaloqlarni qilich tig‘idan o‘tkazgani, bundan xabar topgan Yusuf Maryam va Iyso alayhimassalomlarni olib darhol Misr diyoriga qochib ketgani, u yerdan bir necha yildan so‘ng shoh Hirod o‘lganidan keyingina qaytib kelishgani haqida kuyib pishib gapirayotgan bir paytda, Luqo bunday hodisa ro‘y bermagani, balki, Iyso alayhissalom sakkiz kunli bo‘lganlarida sunnat qilinganliklari, Maryam alayhassalom Tavrotga muvofiq nifosdan pok bo‘lganlaridan keyin (ya’ni tuqqanlaridan 40 kuncha o‘tgach) Quddusga borib, u yerda poklanish qurbonligini keltirishgani va har yili Fisih bayrami kuni Quddusga kelib turishgani haqida so‘ylab, Mattoni yolg‘onchiga chiqaradi.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 17:04 11.12.2018. O'qildi: 7584 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!