Havo sovishi bilan immunitet sustlashib, ayniqsa bolalarda shamollash va virusli kasalliklar xavfi ortadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarga farzandlari sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun amaliy tavsiyalar berdi.
SSV tavsiyalari quyidagilardan iborat:
🔹 Qo‘l gigiyenasi. Bolalar ko‘pchilik orasida bo‘lgani uchun qo‘llarni muntazam sovun bilan yuvish, bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lmaslik muhim.
🔹 Shamollash belgilarida uyda qoldirish. Bu nafaqat bolaning sog‘lig‘ini tiklashga, balki kasallik tarqalishining oldini olishga yordam beradi.
🔹 Faslga mos kiyim. Bolalar na juda yengil, na juda qalin kiyinmasligi kerak. Nam kiyimlar esa darhol almashtirilishi shart.
🔹 Sog‘lom ovqatlanish. Rasionda mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti va dukkakli yeguliklar bo‘lishi kerak. Gazli ichimliklar, chips va shirinliklardan voz kechish zarur.
🔹 Uyqu rejasi. Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8–10 soat uxlashi shart. Uxlashdan oldin telefon va planshetdan foydalanmaslik tavsiya etiladi.
🔹 Shaxsiy gigiyena. Yuz-qo‘llarni yuvish, tishlarni kunda ikki marta tozalash, kiyimlarni muntazam almashtirish sog‘lom o‘sish uchun asosiy shart hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarni farzandlariga e’tiborli bo‘lishga, ularning immunitetini kuchaytirish uchun sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.