Jazoirlik Imon Xelif uni World Boxing turnirlaridan diskvalifikasiya qilish qarori ustidan Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyasiya berdi.
Bu haqda CAS matbuot xizmati xabar berdi.
May oyida World Boxing bokschilar turnirlarda ishtirok etish uchun majburiy gender testidan o‘tishini ma’lum qilgandi. Tashkilot, Xelifning gender testidan o‘tmaguncha ayollar toifasida ishtirok etishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.
2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari vaqtida Xelif janjal markazida qoldi: Xalqaro boks assosiasiyasi (IBA) sportchining gender testidan o‘ta olmagani haqida xabar berganiga qaramay, unga musobaqalarda qatnashishga ruxsat berildi. IBAni Olimpiya harakatidan chiqarib tashlagan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) bu tadqiqot natijalarini tan olmadi va Xelif tug‘ilgandan boshlab ayol ekanligini ta’kidladi.
Jazoirlik sportchi 66 kg vazn toifasida 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylandi. Olimpiada yakunlanganidan so‘ng fransuz jurnalisti Jaffar Ait Audia Xelifning gender testi haqidagi hisobotini chop etdi. MRG natijasida Xelifning bachadoni yo‘qligi va ichki moyaklar borligi aniqlandi. Xromosoma testi jazoirlik sportchining XY kariotipini tasdiqladi va gormonal test erkaklarnikida bir xil testosteron darajasini qayd etdi.
Keyinroq Xelif Xalqaro boks assosiasiyasini sudga berdi. Shuningdek, IBA rahbariyati XOQning gender testlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun 2023 yilgi jahon chempionatidan diskvalifikasiya qilingan Xelif va Lin Yutinglarga Parijdagi Olimpiada turnirida qatnashish imkonini bergan xatti-harakatlarini sudda e’tirozga oldi.
Fevral oyida XOQ World Boxingni vaqtincha boksni global darajada boshqaradigan xalqaro tashkilot sifatida tan oldi. Mart oyida XOQ sessiyasi boksni Butunjahon boks shafeligida 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishni ma’qullagan edi. XOQ sessiyasi 2019 yilda Olimpiya saralash va Olimpiada musobaqalarini o‘tkazish huquqidan mahrum qilingan federasiya moliyaviy va boshqaruv muammolarini hal qila olmagani uchun IBAni Olimpiya harakatidan chiqarib tashladi.