Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan.
Davlatimiz rahbari davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida dolzarb masalaga — davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mazkur tizimning mexanizmlarini ishlab chiqdi, sinovdan o‘tkazdi. Yangi tizimga ko‘ra, mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan 1 000 nafari Salohiyatli kadrlar rezerviga saralab olindi.
Nomzodlar uchun maxsus Dastur tayyorlandi, malakasi oshirildi va ularni turli mas’ul lavozimlarga tayinlash jarayonlari boshlandi.
O‘tgan qisqa davr shuni ko‘rsatdiki, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari lavozimlarining joriy etilishi davlat fuqarolik xizmati oldida turgan qator muhim masalalarni birlamchi bo‘g‘inda hal qilishga yordam bermoqda.