O‘zbekiston hududida ichimlik suvi ta’minotining 42 foizi yer osti, 58 foizi yer usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi.
Bugungi kunda markazlashgan tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suvi yetkazib berish birmuncha mehnat va xarajatlarni talab etadi.
So‘nggi paytda O‘zbekistonda suv narxi arzonligi bois, suvni isrof qilish holatlari ko‘paymoqda. Vaholanki, uni tejash, suvdan unumli va to‘g‘ri foydalanish – dolzarb masala.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJda bo‘lib o‘tgan “Toshkent shahrida ichimlik va oqova suv tariflari: muammo va yechimlar” mavzusidagi matbuot anjumanida soha mutaxassislari, mas’ul xodimlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yilning 22 iyulidan kuchga kirgan (O‘RQ-784-sonli) O‘zbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan ichimlik va oqova suv tariflari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi va monopoliyaga, moliya organlari xulosalari asosida hududiy Xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilanadi.
Ichimlik suvi tarif darajalari shakllantirilishi ko‘plab omillarni hisobga oladi. Tariflar hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalarining aholi punktlariga uzoq-yaqinligi, suv manbalarining chuchukligi va sho‘rligi, suvning qattiqlik darajasiga qarab qayta ishlash xarajatlari, shuningdek, elektr energiya, ish haqi, reagentlar, mukammal va joriy ta’mirlash ishlari, amortizasiya ajratmalari, XMI kreditlarini qaytarish xarajatlaridan tashkil topadi.
Respublikada 1 metr/kub ichimlik suvi uchun o‘rtacha tarif aholi iste’molchilari uchun 1 384 so‘m, byudjet tashkilotlari uchun 2 851 so‘m va boshqa ulgurji iste’molchilarga 3 187 so‘m, 1 metr/kub kanalizasiya xizmatlari bo‘yicha o‘rtacha tarif aholiga 888 so‘m, byudjet tashkilotlariga 1 669 so‘m va boshqa ulgurji iste’molchilarga 2 001 so‘mdan iboratdir.
Bugungi kunda Respublika bo‘yicha aholiga eng arzon 1 metr/kub tarif qiymati Toshkent shahrida 400 so‘m, eng qimmat tarif qiymati Navoiy viloyatida 3 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Bir litr ichimlik suvi aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali 1 so‘m 38 tiyinga yetkazib berilmoqda. Savdo do‘konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 3000 so‘m. Bundan ko‘rinadiki, 2 200 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Ma’lumot uchun: 1 metr kub ichimlik suvi tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlarining jalb etilgan kreditlarini qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizasiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi.
Anjumanda bugungi kunda 4,5 million iste’molchida ichimlik suvi ta’minoti mavjud bo‘lib, shundan 3 million iste’molchi yoki 66,3 foizida suv hisoblagich mavjudligi, 1,5 million iste’molchi yoki 33,7 foizi ichimlik suvidan suv hisoblagichsiz foydalanishiga e’tibor qaratildi.
Soha mutaxassislari tomonidan ichimlik suvidan hisoblagichlar orqali foydalanish iste’molchilarga ancha arzonga tushishi, sababi hisob-kitoblarga ko‘ra suv hisoblagichlar o‘rnatgan holda ichimlik suvidan foydalanganda xarajatlar kamida 2 barobarga qisqarishi ta’kidlandi.
Shuningdek, “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ mutaxassislari sohadagi yangiliklar, to‘lov madaniyati, kadrlar masalasi, markazlashgan ichimlik suv ta’minotidagi muammolar, ularning sabablari haqida OAV vakillariga ma’lumot berdi.