Janubiy Koreyaning Hyundai Motor avtoishlab chiqaruvchisining Amerika bo‘linmasi yong‘in xavfi tufayli AQShda 94 622 ta avtomobilni qaytarib olmoqda.
Bu haqda "Reuters" agentligi AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga (NHTSA) tayanib ma’lum qildi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobillarni qaytarib olinishiga boshqaruv kalitining (pereklyuchatel) tiqilib qolishi natijasida oldingi o‘rindiqlarni sozlovchi elektr motorlarining qizib ketish ehtimoli sabab bo‘lgan va bu yong‘inga olib kelishi mumkin.
Bu chora 2015-2016 yillarda ishlab chiqarilgan ayrim Hyundai Genesis hamda 2017-2020 yillarda chiqarilgan Genesis G80 modellariga daxldordir.
Idoraning qayd etishicha, Hyundai ushbu avtomobillar egalariga nosozlik bartaraf etilgunga qadar ularni ochiq havoda, boshqa transport vositalari va binolardan uzoqroqda joylashtirishni tavsiya qilgan.
Hozirgi vaqtda kompaniya nosozlikni bartaraf etish usulini ishlab chiqmoqda.