Asosiy sabab Husiylarga qarshi to‘liq urush boshlashning narxi va oqibati juda katta ekanligida. Saudiya bu urushni avval boshidan kechirgan. 2015–2022 yillarda Saudiya boshchiligidagi koalisiya Husiylarga qarshi deyarli 7 yil harbiy operasiya olib bordi. Katta havo kuchiga qaramay, Husiylar yo‘q qilinmadi. Aksincha, ular raketa va dronlar bilan Saudiyaning neft ob’ektlariga zarba berish imkoniyatini saqlab qoldi.
Eng katta qo‘rquv — Husiylarning armiyasi emas, aksincha endi gullab kelayotgan Saudiya iqtisodiyotida. Husiylar arzon dronlar bilan ularni yana 10-20 yilga orqaga qaytarishi mumkin. Saudiya Husiylarga qarshi katta operasiya boshlasa, Husiylar Saudiyaning Yanbu, Jidda shaharlariga neft ob’ektlariga, portlarga va tankerlarga yanada ko‘proq zarba berishlari mumkin. Hozirning o‘zida Saudiyaning East–West neft quvuri zarba tufayli to‘xtagan. Bu quvur neftni Fors ko‘rfazidan Qizil dengizga olib o‘tardi.
Husiylar ham oddiy armiya emas. Saudiya havo kuchlari kuchli. Lekin Husiylarni bir necha kunlik bombardirovka bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Ular:
tog‘li hududlarda yashiringan;
dronlardan foydalanadi;
ballistik raketalari bor;
erosti infratuzilmasiga ega;
katta jangovor tajriba orttirgan;
Erondan qurol, texnologiya va tayyorgarlik olgan deb baholanadi. Shuning uchun Saudiya Husiylarni havodan qattiq ursa ham, ularni yerda to‘liq yo‘q qilish uchun Yaman ichiga yana katta qo‘shin kiritishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa yana uzoq yillik urushga aylanishi mumkin.
Ayni paytda vaziyat jiddiylashgan: Husiylar Bab-el-Mandeb atrofidagi pozisiyalarini kuchaytirgan va Qizil dengizdagi strategik hududlarni egallagan. Shu sababli Saudiya uchun bu masala endi oddiy Yaman muammosidan ko‘ra milliy xavfsizlik va neft eksporti masalasiga aylanib bormoqda.