O‘zbekiston Milliy banklararo prosessing markazining 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha auksionda ishtirok etish uchun ariza bergan sakkizta xorijiy va o‘zbekistonlik kompaniyadan olti nafar talabgor barcha talablarga javob berishi aniqlanib, xususiylashtirishning keyingi bosqichiga o‘tishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston Milliy banklararo prosessing markazining (HUMO to‘lov tizimi) 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha auksionda ishtirok etish uchun sakkizta xorijiy va o‘zbekistonlik kompaniya ariza berdi, deb xabar qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, olti nafar talabgor barcha talablarga javob berishi aniqlanib, xususiylashtirishning keyingi bosqichiga o‘tishga ruxsat berildi.
Endilikda ular 2024 yil 15 noyabr Toshkent vaqti bilan soat 23:59 ga qadar «E-auksion» elektron platformasi orqali majburiy takliflarni yuborishlari va o‘zlarining majburiy narx takliflari summasining kamida 1 foizi miqdorida kafolat to‘lovini amalga oshirishlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, HUMO tizimi 2018 yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Faoliyati davomida u 23 milliondan ortiq to‘lov kartalarini chiqargan.
Kompaniyaning ustav kapitali 155,4 milliard so‘mni (12,4 million dollar) tashkil etadi.