“Milliy banklararo prosessing markazi” AJning 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Takliflarni topshirish bosqichida 6 nafar nomzod ishtirok etishga taklif qilingan.
Ushbu bosqichda nomzodlarga xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi – «Deloitte» xalqaro kompaniyasi tomonidan tayyorlangan moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati bo‘yicha kompleks tahliliy hisobotlar bilan tanishish, shuningdek, Jamiyatning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoni berildi.
Belgilangan muddatda Maslahatchiga Jamiyatni sotib olish bo‘yicha uchta ishtirokchidan takliflar kelib tushdi va 65 million AQSh dollari miqdorida eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Paynet» AJ kim oshdi savdosining g‘olibi, deb topildi.
Xaridorning taklifi Maslahatchi hisoblagan indikativ narxlar intervali chegarasida joylashgan va «KPMG» xalqaro mustaqil narxlovchi tomonidan narx qo‘yilgan bahodan yuqori hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: «Paynet» AJ – O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik to‘lov operatorlaridan biridir. Tizim 1500 tadan ortiq tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun to‘lov imkoniyatini ta’minlab, undan foydalanuvchilarning yillik soni 20 milliondan ziyoddir.