O‘zbekistondagi birinchi loukoster Humo Air aviakompaniyasi xaridorlarga keltirgan noqulayliklari sababli «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni buzgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, rasmiy munosabat qo‘mitaning Telegram kanalidan o‘chirildi.
Qo‘mitaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, xabar texnik sabablarga ko‘ra, qayta sahifaga joylashtirildi.
Humo Air xalqaro yo‘nalishlarda reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani sababli 10 martdan O‘zbekiston bo‘ylab ichki reyslarni vaqtincha to‘xtatdi. Aviakompaniya o‘zida mavjud Bolgariyaning 2 ta «Fly2Sky» kompaniyasi bilan ijaraga olingan samolyotlarni unga qaytarib berdi. Tashkilot mijozlarga oldindan bron qilingan chipta pullarini 30 kun ichida qaytarishini aytgach, foydalanuvchilarning tanqidiga uchradi.
Bundan tashqari, aviakompaniya pullarni qaytarish uchun mijozlar ariza bilan murojaat qilishi kerakligini aytgan.