Bugun 11 yanvar, 2026 yil, yakshanba

КИР

Homiladorlik va tug‘ruq nafaqalarini hisoblash tartibi o‘zgardi

Homiladorlik va tug‘ruq nafaqalarini hisoblash tartibi o‘zgardi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqalarni hisoblash tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan rasmiy tushuntirish berdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda nafaqa miqdori ayolning ijtimoiy sug‘urta tizimidagi ishtirok stajiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, to‘lov miqdori ayolning o‘rtacha ish haqi hamda sug‘urta badallari to‘langan davr asosida aniqlanadi. Xususan, 10 oydan 24 oygacha sug‘urta stajiga ega bo‘lganlar o‘rtacha ish haqining 75 foizini, 25 oydan 60 oygacha stajga ega bo‘lganlar 85 foizini, 61 oy va undan ortiq stajga ega bo‘lganlar esa 100 foizini oladi. Shu bilan birga, nafaqa miqdori hech qachon 75 foizdan kam bo‘lmaydi.

Ta’kidlanishicha, homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqa ijtimoiy yordam emas, balki sug‘urta to‘lovi hisoblanadi. Uni olish huquqi faqat rasmiy bandlik va ijtimoiy sug‘urta badallarini muntazam to‘lash orqali shakllanadi. To‘lov miqdori esa bevosita sug‘urta stajining davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi.

Agentlik ushbu o‘zgarishlar avvalgi tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilganini qayd etdi. Xususan, qisqa muddatli va rasmiy bo‘lmagan ishga joylashish orqali nafaqa olish holatlarini kamaytirish, to‘lovlar tizimining shaffofligini oshirish hamda ijtimoiy sug‘urta tizimining barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, yangi tartib nafaqa to‘lovlarini bekor qilmaydi va eng kam miqdorini kamaytirmaydi. Aksincha, u homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha to‘lovlarni hisoblashda yanada tushunarli va adolatli mexanizmni joriy etadi.

Kiritildi: Bugun 10:51. O'qildi: 567 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!