«Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.
Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.
Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin»,
— dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xo‘jaligi va servisdagi «solishtirma ustunligi»dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta «og‘ir» mahallalarning «solishtirma ustunligi»ni tahlil qilib, ish o‘rni va daromadini ko‘paytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.
Har bir tumanda 5–10 ta mahallani bog‘laydigan 1–2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish o‘rinlari yaratilishi belgilandi.