"Kecha bosh vazir Narendra Modi va prezident Donald Tramp o‘rtasida qandaydir suhbat bo‘lganidan menda hech qanday ma’lumot yo‘q", — dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randhir Jaysval.
Shuningdek, Hindiston TIV vakili Trampning "mamlakat Rossiya neftidan voz kechadi" degan so‘zlariga izoh berdi.
"Hindiston — neft va gazning yirik importchisi hisoblanadi. Bizning doimiy ustuvor maqsadimiz beqaror energetika sharoitida hind iste’molchilari manfaatlarini himoya qilish. Import siyosatimiz to‘liq shu maqsadga yo‘naltirilgan", — dedi Jaysval.
2025 yil aprel oyida Rossiyadan Hindistonga neft yetkazib berish hajmi 2023 yil mayidan beri eng yuqori darajaga chiqib, kuniga 2,15 million barrelga yetgan. Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya ketma-ket uchinchi yildan beri Hindistonning asosiy neft yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda.