Bu haqda Reuters xabar berdi.
Xabar berilishicha, Narendra Modi ushbu murojaatini Haydarobod shahridagi mitingda aytgan. U dunyodagi hozirgi vaziyat sabab Hindiston valyuta zaxiralarini tejashga jiddiy e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidlagan.
Hindiston bosh vaziri koronavirus pandemiyasi davrida keng qo‘llangan masofaviy ishlash va onlayn majlis o‘tkazish kabi choralar yonilg‘i iste’molini kamaytirishini bildirgan.
Shuningdek, Modi fuqarolarni metro va boshqa jamoat transportidan ko‘proq foydalanishga, imkon qadar bir transportda bir necha kishi bo‘lib harakatlanishga chaqirgan.
Bundan tashqari, bosh vazir fuqarolardan kamida bir yil davomida zarur bo‘lmagan xorijiy safarlardan voz kechishni va oltin xarid qilmaslikni so‘radi. Hindiston, ayniqsa, to‘y mavsumida oltin importiga katta mablag‘ sarflaydi. Shuningdek, u oilalarni o‘simlik yog‘i iste’molini kamaytirishga, fermerlarni esa o‘g‘itlardan foydalanishni qariyb ikki baravarga qisqartirishga chaqirdi.
Hindiston bosh vazirining murojaati Eron bilan bog‘liq urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kemalar qatnovi cheklangani sabab neft narxlari keskin oshgani fonida yangradi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganidan keyingi ikki oy ichida dunyo milliard barreldan ortiq neft yetkazib berishdan mahrum bo‘ldi. Hozirda davlatlarning neft zaxiralari rekord darajada kamaymoqda.