Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtati Ollohobod shahrida uyushtirilgan, har 12 yilda bir marta o‘tkaziladigan va 45 kun davom etadigan Maha Kumb Mela festivalida tiqilinch yuzaga kelib, 30 kishi qurbon bo‘ldi, 60 odam jarohatlandi. Bu haqda “Hindustan Times” xabar tarqatdi.
Shtat bosh vaziri Yogi Adityanat aytishicha, hodisa Triveni Sangam daryosi tomon gunohini yuvish uchun ketayotganlar to‘siqdan sakrab o‘tayotganda yuz bergan.
Mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi ijtimoiy tarmoq orqali marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
13 yanvar kuni millionlab insonlar ishtirokida boshlangan festivalga keluvchilarni qabul qilish uchun shaharda 160 mingdan ko‘p chodir hozirlanib, 400 kilometrga cho‘zilgan vaqtincha yo‘llar qurilgan edi.
Bu yil jami 400 milliondan ziyod fuqaro Triveni Sangam daryosi bo‘ylab “muqaddas suv” hisoblangan Gang, Yamuna va Sarasvati daryolarining qo‘shilish joyida 45 kunlik “ziyorat” qilishi kutilyapti.
Dunyodagi eng yirik ushbu diniy bayram payti hindlar daryoda cho‘milish gunohlarni yuvadi, deb hisoblaydi.
2001 yil Ollohobod shahrida 60 million kishi bir kunda Gang suviga tushish uchun to‘planib, jahon rekordini o‘rnatgan. Hatto, 2021 yil ham millionlab hindlar COVID-19 virusi avj olganiga qaramay, Triveni Sangam daryosida cho‘milgan.